Parlament shu ahvolda bo‘lsa, partiyaga qaytmayman – Kusherboyev
Tahlil
−
31 iyul 2023
16022O‘tgan yilning dekabr oyida deputatlikdan ketgan Rasul Kusherboyev bugun, 31 iyul kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zoligidan ham voz kechgani haqida xabar bergan edik. Sobiq deputatning kelgusi rejalariga qiziqib, QALAMPIR.UZ u bilan bog‘landi.
Ho‘sh, hozirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning maslahatchisi bo‘lib ishlayotgan Rasul Kusherboyev yana deputatlikka qaytadimi?
“Parlament hozirgi ahvolda bo‘lar ekan, hech qachon deputatlikka intilmayman”, dedi Kusherboyev savolga javoban.
Sobiq deputatning endi hech qachon Liberal-demokratik partiyaga qaytmoqchi emasligi ham suhbat davomida ma’lum bo‘ldi.
“Agar kelajakda yana qaytadigan bo‘lsam, nima uchun partiyadan ketdim?!”, dedi istehzo bilan.
Shu bilan birga, Kusherboyev keyinchalik parlamentga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarsa, yana oldingidek faol siyosiy harakatni davom ettirishini inkor qilmadi.
Aftidan, u ijro organlarida ham o‘z kelajagini ko‘rmaydi.
“Men ijro odami emasman”, deya qat’iy ta’kidladi Kusherboyev .
Lekin u hozircha keyingi rejalarini ochiqlamoqchi emas.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning 19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilingandi. Majlisda ishtirok etgan Rasul Kusherboyev majlisga raislik qiluvchi spiker o‘rinbosari – “Xalq” demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatovdan qayta-qayta so‘z so‘raganiga qaramay, Inoyatov uni e’tiborga olmay, so‘zida davom etgandi. Kusherboyevning ovozini balandlatishi, qo‘l silkitishi va o‘rnidan turishi ham spiker o‘rinbosarining e’tiborini jalb qilolmagandi. Shundan so‘ng bunday munosabatdan asabiylashgan deputat majlisni tark etadi va bir necha kun o‘tib deputatlik faoliyatini yakunlashini ham e’lon qiladi. 26 dekabr kuni esa rasman uning vakolati tugatildi. O‘sha kunning ertasiga, 27 dekabr kuni Senatning 36-yalpi majlisida Kusherboyevning ketishiga sabab bo‘lgan qonun Senatda bir ovozdan ma’qullandi.
Joriy yilning fevral oyidan esa sobiq deputat avvalgi Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi sifatida faoliyatini boshladi.
LiveBarchasi