Kusherboyev parlamentda qanday “ignor” qilinayotgani aks etgan video tarqaldi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida joriy yilning 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokamaga qo‘yildi. Majlisda ishtirok etgan deputat Rasul Kusherboyev qayta-qayta majlisga raislik qiluvchi spiker o‘rinbosari – “Xalq” demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatovdan so‘z so‘raganiga qaramay, Inoyatov uni “ignor” qilishda davom etgan. Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqda tarqaldi. 

 

Videoda deputat Rasul Kusherboyev bir necha bor “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha fikrlari borligini aytib, so‘z so‘raganiga qaramay, Ulug‘bek Inoyatov mamlakatdagi islohotlar haqida balandparvoz irod qilishda davom etgan va Kusherboyevning qo‘l siltashiga ham, ovozini balandlatishiga ham parvo qilmagan. 

Tasvirlarda Kusherboyev bir necha daqiqa davomida so‘z olishga harakat qilayottgani, turayotgani, o‘tirayotgani, Oliy Majlis xodimlarini chaqirib shikoyat qilayotgani, hatto, ovozini balandlatib, “so‘z bermaysizmi?” deyotgani aks etgan. 

Urinishlariga qaramay, so‘z ololmagan, Inoyatov tomonidan mensilmagan Kusherboyev asabiylashgan va majlisni tark etishga qaror qilgan. 

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 dekabr kundagi majlisida qayta ko‘rib chiqilgan. Majlisda Kusherboyev ishtirok etmagan va qonun loyihasi tasdiqlangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat Rasul Kusherboyevning deputatlikdan ketayotgani, Doniyor G‘aniyevning esa uning ketishini qo‘llab-quvvatlamasligi haqida xabar qilgan edik.

Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boshqa a’zolari, spiker Nurdinjon Ismoilov, Qo‘mita raislari, spiker o‘rinbosarlari, Kusherboyevga so‘z bermagan Inoyatov va O‘zLiDeP raisi Aktam Xaitov ham chuqur sukutda. Parlamentdan Kusherboyevning ketishiga va u qo‘ygan masalalarga nisbatan munosabat bo‘layotgani yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Ulug'bek Inoyatov

Baholaganlar

1113

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing