Pivoga almashilgan avlod

Tahlil

“Pivo festivali” rasmiy davlat tili bilan aytganda “Salqin ichimliklar festivali”. Bu nomli tadbir o‘tgan yili 27-29 iyun kunlari o‘tkazilgandi. Joriy yilda esa, 5-7 iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur ko‘ngilochar shou ko‘pchilikni noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, yana bir guruh kishilar bu festivalni qo‘llab-quvvatladi. QALAMPIR.UZ ham mazkur tadbirni ichkaridan o‘rganishga harakat qildi. Xo‘sh, poytaxt markazida tashkil etilgan bu tadbir ortida kimlar turibdi? Unga qanday ruxsat berilgan? Nega pivo festivali “salqin ichimliklar festivali” sifatida taqdim etilmoqda? QALAMPIR.UZ ushbu savollarga javob topish maqsadida mavzuni atroflicha o‘rganib, mas’ul idoralardan izoh oldi.

Joriy yilning 5-7 iyun kunlari poytaxtning eng markaziy ko‘chalaridan bo‘lmish Taras Shevchenko ko‘chasida o‘tkazilgan ushbu tadbir aslida pivo festivali emas, balki salqin ichimliklar bazmi ekan. Va bu tadbir turizmni rivojlantirish hamda sayyohlar oqimini oshirish maqsadida IIBB va Toshkent shahar hokimligi va Mirobod shahar hokimligining tashabbusi va hamkorligi bilan tashkil etilgan.

Hokimlikning bildirishicha, mazkur bazmni tashkil etilishida Toshkent shahar hokimligining biror buyrug‘i yoki farmoyishi yo qarori chiqmagan. Va bu bazm bir martalik voqeaviy tadbir sifatida tashkil etilgan. Vaholanki, yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘tgan yili ham pivo festivali xuddi shu iyun oyida dabdabali qilib o‘tkazilgandi. Haqiqatdan ham festival turizm salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etilganmi deya, Respublika turizm qo‘mitasiga savol bilan murojaat qildik. Qo‘mitaning “Milliy PR-markazi” mutaxassisi Umarbek Esanmurodovning so‘zlariga ko‘ra, Taras Shevchenko ko‘chasida o‘tkazilgan ushbu tadbirdan Qo‘mitaning xabari ham, aloqasi ham yo‘q ekan.

“Taras Shevchenko ko‘chasida o‘tkazilgan festival to‘liq tadbirkorlarning tashabbusi bilan tashkil etilgan. Turizm qo‘mitasi bu tadbirga homiylik qilmagan. Ma’lumotlarini surishtirib oldik. Tadbirda 18 yoshdan kichik yoshlarga spirtli ichimlik sotilmagan. Qattiq nazoratda bo‘lgan”, deydi u.

Toshkent shahar hokimligi turizm boshqarmasi bo‘limining Shohrux ismli xodimining so‘zlariga ko‘ra, hokimlik shunchaki tashkiliy masalada yordam bergan xolos. Bu tadbirga hokimlikning boshqa hech qanday aloqasi yo‘q ekan.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning aytishicha, ichki ishlar faqatgina xavfsizlikka javob bergan hamda bu tadbirni ular tashkil etmagan.

“Mamlakatimiz hududida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar, jumladan ommaviy tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Mazkur tartib tadbirlarni qonuniy, xavfsiz va tartibli o‘tkazishni ta’minlashga qaratilgan”, deydi G‘iyosov.

Toshkent shahar hokimligining QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, 40 ga yaqin tadbirkor va restoran vakillari biz shunaqa festival o‘tkazmoqchimiz, deya avval IIBBga, keyin esa Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilgan. Va shu asosida ushbu bazmning tashkil qilinishiga yordamlashilgan.

“Festival Toshkent shahrida gastronomik va voqeaviy turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Tadbir tegishli mas’ul tashkilotlar, jumladan IIBB bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan. Festivalni ma’lum yillar davomida o‘tkazish bo‘yicha alohida uzoq muddatli dastur yoki reja tasdiqlanmagan.

Mazkur tadbir bir martalik voqeaviy tadbir sifatida tashkil etilgan. Joriy yilgi festivalni tashkil etish uchun byudjet mablag‘lari ajratilmagan. Barcha tashkiliy xarajatlar homiylar va hamkorlar mablag‘lari hisobidan qoplangan. Festival davomida pivo mahsulotlari faqat 21 yoshdan oshgan shaxslarga sotilgan. Sotilgan pivo hajmi bo‘yicha aniq ma’lumot boshqarmada mavjud emas, chunki savdo tadbiri unda ishtirok etgan tadbirkorlar tomonidan mustaqil amalga oshirilgan”, deydi hokimlik vakili.

Hokimlik vakilidan tadbir salqin ichimliklar bazmi deya e’tirof etilib, nega spirtli ichimliklar toifasiga kiruvchi pivo mahsuloti daryodek oqizib sotilganiga izoh so‘radik. Poytaxt hokimligining xodimi bo‘lsa, festival nomi “Beer fest” bu festivalni nomi “prosto” deya gapni qisqa qila  qoldi.

“Sababi – bu salqin ichimlik hisoblanadi. “Beer fest” bu festivalni nomi “prosto”. Birinchi yilda ham “O‘zbekiston 24” (televideniyesi)da “Salqin ichimliklar” deb efirga uzatilgan. Tadbirkorlar “GUVD”dan ruxsatni olgandan so‘ng, hokimlik tashkiliy masalada tok, tozalik bo‘yicha yordam bergan xolos. Hammasi turizmni rivojlantirish maqsadida qilingan (uslubiy jihatdan biroz tahrirlandi)” deydi hokimlik vakili.

Shundan so‘ng, IIBBdan izoh oldik. Boshqarmaning bildirishicha, tadbir yuzasidan maxsus komissiya tuzilib, bazmning faqatgina xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xulosa berilgan. Va bu komissiya xulosasi bizga oshkor etilmadi. Ya’ni ushbu hujjat xizmat doirasida foydalanish uchun yopiq axborot ekanligi ma’lum qilindi.

“Komissiyaning ruxsatnomasi XDFU hujjat hisoblanadi. OAVda yoritilmaydi. Hatto bizgayam berilmaydi u hujjat. Toshkent shahar IIBBdagi komissiya tomonidan o‘rganib chiqilganidan so‘ng ruxsat berilgan ommaviy tadbir o‘tkazilishiga” deydi IIBB axborot xizmati xodimi Nilufar Madiyeva.

Jurnalistik surishtiruv jarayonida guvohi bo‘lganingizdek, ko‘p narsa oydinlashdi. Biroq, e’tiboringizni bir jihatga qaratmoqchimiz, tadbirga borganimizda gazli suv, oddiy suv ham mayli, boring “Kola” yoki “Pepsi”dek salqin ichimliklarni topolmadik. Yurgan qadamimiz pivoning turlari bilan to‘lib toshgan spirtli ichimliklar edi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 187-moddasida, ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi. Bu qoida pivoga ham tegishli. Chunki 2012 yildan boshlab pivo alkogolli ichimliklar qatoriga kiritilgan va unga alkogol mahsulotlariga oid cheklovlar tatbiq etila boshlangan.

Shuningdek, MJtK 131-moddasi: haydovchining alkogolli ichimlikdan mast holda transport vositasini boshqarishi: BHMning 40 baravari miqdorida jarima; 3 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilishga sabab bo‘ladi. Bu yerda pivo, vino yoki aroq o‘rtasida farq yo‘q. Muhimi organizmda alkogol mavjudligi hisoblanadi. Bunga IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov shunday javob berdi.

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 187-moddasiga ko‘ra, ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish huquqbuzarlik hisoblanadi. Lekin, shu moddaning o‘zida quyidagi istisnolar ko‘rsatilgan, ya’ni to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar o‘tkaziladigan joylar hamda alkogol mahsulotini quyib sotish (realizatsiya qilish)ga ruxsat berilgan savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlarida ruxsat etilgan.

Agar tadbir tashkilotchilariga alkogol mahsulotlarini sotish va iste’mol qilish uchun tegishli ruxsatlar berilgan bo‘lsa va tadbir hududi qonunchilik nuqtai nazaridan alkogol sotish va iste’mol qilishga ruxsat etilgan maydon sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, tadbir ishtirokchilari tomonidan spirtli ichimlik iste’mol qilishi qonun buzilishi hisoblanmaydi. Aksincha, agar tadbir o‘tkazilayotgan hudud (maydon)ga kirmaydigan xiyobon yoki ko‘chada hech qanday maxsus ruxsatsiz spirtli ichimlik ichilsa, bu MJtKning 187-moddasi bilan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin”. 

O‘tgan yili “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov Toshkentda pivo festivalini o‘tkazgan va unga ruxsat bergan shaxslar jazolanishi kerakligini aytgandi. Qodirov shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, har qanday alkogolli ichimliklar reklamasi, alkogolli ichimliklar nomi, belgisi yoxud tasviridan foydalaniladigan tadbirlarda homiylik qilish taqiqlanishini ham eslatib o‘tgandi.

“Bu festivalni o‘tkazgan va o‘tkazishga ruxsat berganlar javobgarlikka tortilishi kerak”, degandi Qodirov

Bu mavzuda deputatdan yana fikrini so‘raganimizda negadir javob berishni xohlamadi. 

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga muvofiq, pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishda rag‘batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o‘xshash boshqa tadbirlar o‘tkazishga, madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy va sport tadbirlariga homiylik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamoatchilikning faol vakillaridan biri, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maslahatchisi Rasul Kusherboyev bu tadbir haqida fikrini aytib o‘tdi.

“Davlat idoralarida to‘g‘risi shunaqa guruh odamlar paydo bo‘lganki, ular jamiyatni ma’rifatdan uzoqlashtirib, axloqsiz avlodni shakllantirish yo‘lida harakat qilishyapti. Ushbu pivo festivali shuning bir belgisi. Aynan kayf-safoga berilish, odamlarni hushyorlikdan uzoqlashtirishga qaratilgan tadbirlar qo‘llab-quvvatlanyapti. Mana bu pivo festivali ham shulardan bittasi.

Undan tashqari bilamiz, bir-ikki yil oldin Namanganda, hattoki Kosonsoyda bir hokimiyatimiz, hokimimiz tashabbus qilib, “nochnoy” (tungi) klub ham ochib bergandi yoshlarga. Uni boshqacha deb nomlashdi, lekin bu fakt, o‘sha tungi klub edi. O‘zbekiston yoshlari yig‘ilib olib, maishat qilish kerak edi, kayf-safoga berilish kerak edi, xullas va hokazo.
 
Nima qilib bo‘lsa ham yursang yuraver, “lish bi”, sanlar hushyor bo‘lmalaring, degan ma’no kelib chiqyapti-da bunda. Nimaga? Chunki hushyor odam savol qo‘yadi, davlat idoralaridan haqqini talab qiladi. Ko‘rinishidan bizlarga hushyor, haq talab qiladigan odamlar kerak emasga o‘xshaydi.

Men yaqin vaqt ichida bu kabi pivo festivallari turli xil “gey-parad”larga ulanib ketsa ham ajablanmayman. Shunga ham boramiz. Bu yoqda “gey-parad”larni tadbirini qilamiz, aroqxo‘rlarni, vinoxo‘rlarni festivalini qilishimiz mumkin, balki undan ham battar axloqsiz yana qanaqadir festivallarni qilishimiz mumkin. Balki, bundan ham battar festivallar bo‘lishi mumkin”, deydi Kusherboyev.

Yana boshqa shaxsini oshkor qilishni istamagan jamoatchilik vakillaridan biri zamon bilan hamnafas bo‘lish kerakligini, bu tadbirlar faqatgina O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini bildirdi.

“Nega internetda bu tadbirni negativ aylantiryapti, men tushunmadim. Biz diniy davlat emasmiz-ku, biz dunyoviy demokratik davlatmiz. Festivallar o‘tkazilishi, turistik ob’ektlar, gastronomik ko‘chalarning tashkil etilishi turistlar oqimiga ijobiy ta’sir qiladi. O‘zbekistonni dunyoga tanitishning yana bir yo‘li turistlar oqimining oshishi hisoblanadi aslida, bunchalik vahima qilmanglar”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur salqin ichimliklar festivalida 150 000 tashrif buyuruvchi, 20 000 ga yaqin xorijiy sayyoh va yuzlab ishtirokchilar qatnashgan. Bu tadbirlardan ilhomlanib Samarqand shahrida ham ko‘piklar kechasi o‘tkazildi. Faqat u ommaviy tarzda emas, balki yopiq va maxsus kurortda tashkil etilgan. Shu bois, bazmni biz ham keng muhokama qilmaslikka qaror qildik. Har ne bo‘lganda ham turizmini rivojlantirish ishlari poytaxtdan o‘rnak olib boshqa shahar va viloyatlarda ham tashkil etilmoqda.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB Rasul Kusherboev Toshkent shahar hokimligi tadbir Pivo festivali

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing