Erdo‘g‘anning partiyasi yubileyini siyosiy tebranishlar fonida nishonlayapti
Olam
−
16:57 444 11 daqiqa
Kecha, 14 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligida 2001 yil 14 avgustda tashkil etilgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi (“AK Parti”) o‘zining 25 yilligini nishonladi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.

.png)
Anqaradagi Milliy bog‘da tashkil etilgan yubileyga Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan birga kelgan. Tadbirida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an Adolat va taraqqiyot” partiyasi faoliyati hali yakunlanmaganini bildirgan.

“Biz endigina boshlayapmiz. Bu harakat Turkiyani avval 2053 yilga, keyin esa 2071 yilga olib boradi”, degan Erdo‘g‘an.
.png)
Shuningdek, u Turkiyaga xizmat qilish va mamlakat ravnaqi uchun ishlashda davom etishini aytgan.
“Adolat va taraqqiyot” 25 yilligini tantanali nishonladi
Anqaradagi Boshkent Millat bog‘ida o‘tkazilgan tadbirda Turkiyaning barcha 81 viloyatidan kelgan minglab partiya a’zolari va tarafdorlari ishtirok etgan. Yubiley munosabati bilan tashkil etilgan dasturda partiyaning 25 yillik siyosiy faoliyati, mamlakat boshqaruvidagi ishtiroki va amalga oshirilgan islohotlari haqidagi taqdimotlar namoyish etilgan.

.png)
Tadbirda so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an partiya tashkil topganidan buyon turli lavozimlarda faoliyat yuritgan a’zolar, partiyaning ayollar va yoshlar qanoti vakillari hamda saylovlarda partiyani qo‘llab-quvvatlagan fuqarolarga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, u Xalq Ittifoqidagi hamkori – Milliyatchi Harakat Partiyasi rahbari Davlat Bohcheliga ham tashakkur yo‘llagan. Prezident o‘z nutqida partiya safida faoliyat yuritib, vafot etgan siyosatchilar va faollarni ham yodga olgan. Tadbir davomida “AK Parti” tarixida muhim o‘rin tutgan voqealar va siyosiy bosqichlar haqida ham so‘z yuritilgan.
.png)
.png)
Erdo‘g‘an partiyaning kelajak maqsadlarini ochiqladi
Yubiley tadbiridagi chiqishida Erdo‘g‘an “AK Parti”ning 25 yillik faoliyati davomida ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, energetika va mudofaa sanoati sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilganini aytgan. U Turkiya iqtisodiyoti, eksporti va milliy daromadi so‘nggi chorak asrda sezilarli darajada o‘sganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyaning mudofaa sanoatida erishgan yutuqlariga alohida to‘xtalgan. Uning qayd etishicha, mamlakat bugun o‘zining harbiy kemalari, uchuvchisiz qurilmalari, vertolyotlari, tanklari va raketalarini ishlab chiqarayotgan davlatlar qatoriga kirgan.
Nutqida “AK Parti”ning kelgusi rejalari haqida ham so‘z yuritgan Erdo‘g‘an partiyaning 2053 va 2071 yillarga mo‘ljallangan maqsadlari borligini bildirgan. U partiya hali o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘liq bajarib bo‘lmaganini ta’kidlab, “AK Parti” kelajakda ham Turkiya siyosiy hayotida muhim o‘rin tutishini qayd etgan. “AK Parti” tashkil etilganidan buyon qatnashgan barcha umumiy saylovlarda birinchi partiya bo‘lib kelgan. Shuningdek, “AK Parti” 1946 yildan buyon Turkiyada eng uzoq muddat uzluksiz hokimiyatda qolgan partiya rekordini ham o‘rnatgan.
“AK Parti” 25 yoshda
Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligida 2001 yil 14 avgustda tashkil etilgan “AK Parti” siyosiy maydondagi 25 yillik faoliyatini nishonladi. Partiya tashkil topganidan buyon qatnashgan barcha umumiy saylovlarda birinchi o‘rinni egallab kelgan. Shuningdek, Turkiyada ko‘ppartiyaviy siyosiy hayot boshlangan 1946 yildan beri yangilanmagan rekordni qayd etgan. “AK Parti” 2001 yil 14 avgustda Turkiyaning 39-siyosiy partiyasi sifatida mamlakat siyosiy hayotiga kirib kelgan. Partiya Istanbulning sobiq meri Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi “Fazilatli insonlar harakati” tomonidan tashkil etilgan.
Partiyaning asosiy vazifasi – saylovlarda qatnashish, parlament va mahalliy hokimiyatlarda vakillik qilish hamda mamlakatni boshqarish.
Erdo‘g‘an partiya tashkil etilganini e’lon qilar ekan, yangi siyosiy davr boshlanganini bildirgan. “AK Parti”ning tashkil topishi Turkiya siyosiy tarixida yangi bosqichning boshlanishi sifatida baholangan. Tashkil etish jarayoni yakunlangach, 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan “AK Parti” Ta’sischilar kengashi yig‘ilishida Erdo‘g‘an bir ovozdan partiya raisi etib saylangan. Shu tariqa keyinchalik 4 nafar bosh vazir va 2 nafar prezidentni yetishtirgan “AK Parti”ning siyosiy faoliyati boshlangan.
U tashkil etilganidan 15 oy o‘tib, “Yolg‘iz o‘zi, hokimiyatga” shiori ostida 2002 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida qatnashgan. O‘sha paytda siyosiy taqiq sabab Erdo‘g‘an saylovlarda ishtirok eta olmagan. Shunga qaramay, “AK Parti” 34,28 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni egallagan va Abdulloh Gul boshchiligida Turkiyaning 58-hukumati tuzilgan.
Erdo‘g‘an siyosatga qaytdi
Turkiya Jinoyat kodeksining 312-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish bilan Erdo‘g‘anning siyosiy faoliyatiga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan. Shundan so‘ng, u 2003 yil 9 mart kuni Siirt shahrida qayta o‘tkazilgan saylovlarda deputat etib saylanib, parlamentga kirgan. Abdulloh Gul boshchiligidagi 58-hukumat iste’foga chiqqach, Prezident Ahmad Najdat Sezar Erdo‘g‘anga hukumat tuzish vazifasini topshirgan. Erdo‘g‘an 2003 yil 15 mart kuni Turkiyaning 59-hukumatini tuzib, bosh vazir lavozimini egallagan.
Saylovlardagi g‘alabalar davri
“AK Parti” Erdo‘g‘an boshchiligidagi hukumatdan keyin ilk saylov sinovini 2004 yilgi mahalliy saylovlarda o‘tkazgan. Partiya saylovlarda 41,7 foiz ovoz olib, birinchi o‘rinni egallagan va 12 tasi yirik shahar bo‘lgan jami 1750 ta munitsipalitet boshqaruvini qo‘lga kiritgan. 2007 yilgi parlament saylovlarida “AK Parti”ning ovozlar ulushi 46,58 foizga yetgan va partiya yakka hokimiyatini saqlab qolgan. 2009 yilgi mahalliy saylovlarda ham “AK Parti” eng ko‘p ovoz olgan partiya bo‘lgan.
Hukmron partiyaga nisbatan yopish da’vosi
“AK Parti”ga qarshi muhim siyosiy jarayonlardan biri 2008 yilda yuz bergan. Turkiya Oliy sudi Bosh prokurori Abdurahmon Yalchinqoya tomonidan tayyorlangan, prezident Abdulloh Gul va bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham bo‘lgan 71 nafar shaxsga 5 yil muddatga siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash hamda “AK Parti”ni yopishni nazarda tutuvchi da’vo 2008 yil 14 mart kuni Konstitutsiyaviy sudga kiritilgan. Konstitutsiyaviy sud 31 mart kuni da’voni qabul qilishi bilan “AK Parti” uchun yangi jarayon boshlangan. Siyosiy tarixga “Google da’vosi” nomi bilan kirgan ish bo‘yicha sud 2008 yil 30 iyul kuni qaror chiqargan.
Sud a’zolarining 6 nafari partiyani yopish tarafdori, 5 nafari esa bunga qarshi ovoz bergan. Biroq Konstitutsiyada belgilangan malakali ko‘pchilik ovoz to‘planmagani sababli “AK Parti”ni yopish haqidagi da’vo rad etilgan.
Tarixiy referendum
“AK Parti”ning muhim siyosiy sinovlaridan yana biri 2010 yilda bo‘lib o‘tgan referendum bo‘lgan. Unda 1982 yilgi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish taklifi ovozga qo‘yilgan. Referendum 12 sentyabr harbiy to‘ntarishining 30 yilligiga to‘g‘ri kelgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 57,88 foizi taklifni qo‘llab-quvvatlab, “ha” deb ovoz bergan. 2011 yilgi parlament saylovlarida “AK Parti” 49,83 foiz ovoz olgan. 2014 yilgi mahalliy saylovlarda esa 45,54 foiz ovoz to‘plab, 18 tasi yirik shahar bo‘lgan jami 818 ta munitsipalitet rahbarligini qo‘lga kiritgan.
Xalq tomonidan saylangan ilk prezident
Prezident Abdulloh Gulning vakolat muddati tugagach, 2014 yil 10 avgust kuni prezidentlik saylovi o‘tkazilgan. Unda Rajab Toyib Erdo‘g‘an 51,79 foiz ovoz olib, xalq tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri saylangan Turkiyaning ilk prezidenti va mamlakatning 12-prezidenti bo‘lgan. Erdo‘g‘an prezident etib saylangach, “AK Parti” raisi lavozimini Konya deputati Ahmad Dovuto‘g‘li egallagan. Dovuto‘g‘li rahbarligidagi “AK Parti” ilk saylov sinovini 2015 yil 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida topshirgan. Shundan so‘ng, 1 noyabr kuni muddatidan oldin saylov o‘tkazilgan va “AK Parti” yana yakka o‘zi hokimiyatni qo‘lga kiritgan. “AK Parti”ning 2016 yil 22 may kuni bo‘lib o‘tgan 2-favqulodda qurultoyida partiya asoschilaridan biri Binali Yildirim raisi etib saylangan. Yildirim 65-hukumatni tuzib, bosh vazir bo‘lgan.
FETÖ’ning 15 iyuldagi to‘ntarish urunishi va “Jumhur ittifoqi”ning tashkil topishi
2016 yil 15 iyul kuni Fetullohchi terror tashkiloti (FETÖ) tomonidan Turkiyada davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish bo‘lgan. Prezident Erdo‘g‘anning fuqarolarni shahar maydonlari va aeroportlarga chiqishga chaqirig‘idan so‘ng odamlar tanklar qarshisiga chiqib, demokratiyani himoya qilgan va to‘ntarish urunishi bostirilgan. 15 iyul voqealaridan keyin “AK Parti” va Milliy harakat partiyasi (MHP) o‘rtasida shakllangan hamkorlik keyinchalik “Jumhur ittifoqi”ning asosini tashkil etgan. “AK Parti” 2017 yil 16 aprel kuni o‘tkazilgan referendum bilan Turkiya siyosiy tizimida muhim o‘zgarish amalga oshirilishiga erishgan. Turkiyada yangi davr boshlanishiga yo‘l ochgan referendum uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish taklifi 2016 yil 10 dekabr kuni bosh vazir Binali Yildirim va 316 nafar “AK Parti” deputati imzosi bilan parlamentga taqdim etilgan.
Moddalar bo‘yicha ovoz berishlar yakunlangach, Prezident Erdo‘g‘an 2017 yil 10 fevral kuni Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarni tasdiqlagan va ularni referendumga chiqarish uchun hukumatga yuborgan. Referendum 51,41 foiz “ha” va 48,59 foiz “yo‘q” ovozi bilan yakunlangan. Natijada Konstitutsiyadagi “Prezident etib saylangan shaxs o‘z partiyasi bilan aloqasini uzadi” degan norma bekor qilingan va Prezident Erdo‘g‘anning partiyaga qaytishiga yo‘l ochilgan. Shuningdek, fuqarolar bergan ovozlari orqali Prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tishni ma’qullagan. Erdo‘g‘an 2014 yilgi prezidentlik saylovidan keyin tark etgan “AK Parti”ga 979 kundan so‘ng qaytib, partiyaga a’zolik deklaratsiyasini imzolagan. 2017 yil 21 may kuni bo‘lib o‘tgan “AK Parti”ning 3-favqulodda katta qurultoyida Erdo‘g‘an 1414 ta haqiqiy ovozning barchasini olib, 998 kundan keyin yana “AK Parti” raisi etib saylangan.
Erdo‘g‘an yana partiya raisi bo‘ldi
2018 yil 18 avgust kuni o‘tkazilgan “AK Parti” 6-navbatdagi Katta qurultoyida Rajab Toyib Erdo‘g‘an berilgan haqiqiy ovozlarning barchasini olib, 1380 ovoz bilan yana partiya raisi etib saylangan. Qurultoyda kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 2018 yil 24 iyun saylovlarida qo‘llanilgan “siyosiy partiyalar saylov ittifoqi” tushunchasi partiya nizomiga kiritilgan. Shuningdek, “Markaziy Ijroiya Kengashi a’zoligi bilan vitse-prezident yoki vazirlik lavozimi bir shaxsda birlashishi mumkin emas” degan band ham qo‘shilgan. Mahalliy boshqaruv organlariga saylovlarda ham “AK Parti” va Milliyatchi harakat partiyasi (MHP) “Jumhur ittifoqi”ni davom ettirgan. Shu doirada 30 tasi metropoliten shahar bo‘lgan 51 viloyatda ittifoq tuzilgan. 27 yirik shaharda “AK Parti”, Adana, Mersin va Manisa shaharlarida esa MHP nomzod ko‘rsatgan. “AK Parti” ushbu saylovlarda ham 44,33 foiz ovoz olib, eng yirik siyosiy partiya bo‘lib qolgan.
Pandemiya qurultoy jarayonini kechiktirdi
Prezident va “AK Parti” raisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning topshirig‘i bilan partiyaning 7-navbatdagi Katta qurultoyi jarayoni kuzda boshlangan edi. Biroq 2020 yil mart oyida Turkiyada ham tarqala boshlagan COVID-19 pandemiyasi sabab “Ishongan yo‘lingdan yur” shiori ostidagi qurultoy jarayoni vaqtincha to‘xtatilgan. Pandemiya sharoiti yengillashgach, qurultoy jarayoni davom ettirilgan va 2021 yil 24 mart kuni qurultoy o‘tkazilgan. Unda Erdo‘g‘an haqiqiy deb topilgan 1428 ovozning barchasini olib, yana “AK Parti” raisi etib saylangan.
Erdo‘g‘an yana prezident etib saylandi
2023 yil 10 mart kuni Prezident saroyida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an Konstitutsiyaning 116-moddasi asosida 18 iyunda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan prezident va parlament saylovlarini 14 mayga ko‘chirish haqidagi qarorni imzolagan. 14 may kuni bo‘lib o‘tgan Prezident va 28-chaqiriq parlament saylovlarida “Jumhur ittifoqi” nomzodi Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,52 foiz ovoz olgan. Biroq u birinchi bosqichda 50 foiz +1 ovoz to‘play olmagani sabab prezident etib saylanmagan. “AK Parti” esa 35,62 foiz ovoz bilan parlamentda 268 o‘ringa ega bo‘lgan. 28 may kuni o‘tkazilgan ikkinchi bosqichda Erdo‘g‘an 52,18 foiz ovoz olib, Turkiya Prezidenti etib saylangan. Tashkil etilganidan buyon qatnashgan barcha umumiy saylovlarda birinchi partiya bo‘lib kelgan “AK Parti” ushbu saylovda ham g‘alaba qozonib, 1946 yildan beri davom etayotgan ko‘p partiyali siyosiy tizim tarixidagi eng uzoq muddat hokimiyatda qolgan partiya maqomini saqlab qolgan. Saylovlardan keyin “AK Parti” 2023 yil 7 oktyabrda 4-navbatdan tashqari Katta qurultoyini o‘tkazgan. Unda Erdo‘g‘an haqiqiy deb topilgan 1399 ovozning barchasini olib, yana AK Parti raisi etib saylangan. Qurultoyda saylangan yangi Markaziy Qaror va Boshqaruv Kengashi tarkibiga 49 yangi ism kiritilgan. Markaziy Ijroiya Kengashidagi 18 a’zodan esa 14 nafari o‘z lavozimini saqlab qolgan.
Mahalliy saylovlar va partiyadagi yangilanish
“AK Parti” 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda 35,49 foiz ovoz olib, 24 viloyat va 357 tuman hokimligini qo‘lga kiritgan. Saylov natijalari e’lon qilingach, Erdo‘g‘an:
“Xalqning saylov qutisi orqali bergan xabarlarini eng to‘g‘ri va xolis tarzda aql va vijdon tarozisida tortib, zarur choralarni albatta ko‘ramiz”, degan.
Shundan so‘ng, partiyada yangilanish jarayoni boshlangan. Adiyaman, Afyonqarahisar, Erzinjan, Gaziantep, Kastamonu, Usmoniya, Zonguldak, Rize, Shanliurfa, Mardin, Qahramonmarash va Batman viloyatlaridagi partiya rahbarlari hamda ayrim tuman rahbarlari almashtirilgan.
Partiyada yangilanish davom etdi
AK Parti 2025 yil 23 fevral kuni 8-navbatdagi Katta qurultoyini o‘tkazib, Markaziy qaror va boshqaruv kengashi (MQBK), Markaziy intizom kengashi, Siyosiy fazilat va etika kengashi hamda Partiya ichki demokratiya hakamlik kengashi a’zolarini saylagan. Yangi MQBKda 36 nafar a’zo o‘z lavozimini saqlab qolgan, 39 nafar a’zo esa yangi rahbariyat tarkibiga kirmagan. Kengashga yana 39 yangi ism qo‘shilishi natijasida uning 52 foizi yangilangan. Qurultoyda partiya nizomining 81-moddasiga ham o‘zgartirish kiritilib, “Turkiy davlatlar bilan aloqalar”, “Sog‘liqni saqlash siyosati” hamda “Madaniyat va san’at siyosati” nomli uchta yangi boshqarma tashkil etilgan. Shuningdek, “AK Parti” Atrof-muhit va shaharsozlik siyosati bo‘yicha rahbari Sevilay Tuncher 2026 yil 9 aprelda o‘z vazifasini MQBK a’zosi va Istanbul deputati Nilhan Ayanga topshirgan. 8-navbatdagi Katta qurultoydan keyin ham partiyada yangilanish jarayoni davom etgan. Adana, Adiyaman, Afyonqarahisar, Ardahan, Bitlis, Chanaqqale, Diyorbakir, Elazig‘, Giresun, Karaman, Mug‘la, Nig‘de, Ordu, Siirt va Tunjeli viloyatlaridagi partiya rahbarlari almashtirilgan.
Live
Barchasi