Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashiga oid muhim o‘zgarishni taklif etdi
Olam
−
18:34 522 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga va veto huquqini bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda u “Bloomberg” uchun yozgan maqolasida ma’lum qildi.
Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Xavfsizlik Kengashining hozirgi tuzilmasi hamon Ikkinchi jahon urushidan so‘ng shakllangan kuchlar nisbatini aks ettirmoqda va ortiq zamonaviy sharoitga javob bermaydi. Erdo‘g‘anning bildirishicha, xalqaro inqirozlar “bir nechta poytaxt”ning qarorlariga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak, ular uchun mas’uliyat esa ko‘proq sondagi davlatlar o‘rtasida taqsimlanishi lozim.
“Veto huquqini bekor qilish har qanday mazmunli islohotning ham boshlang‘ich nuqtasi, ham asosiy strategik maqsadiga aylanishi kerak. Islohot xuddi shu imtiyozning boshqa davlatlarga ham tarqatilishidan iborat bo‘la olmaydi”, deydi u.
Shuningdek, u Bosh assambleya doirasida hech bir davlat “xalqaro hamjamiyat ko‘pchiligining xohish-irodasiga doimiy ravishda to‘sqinlik qilish huquqiga ega bo‘lmasligi kerak” degan tamoyilga asoslangan keng koalitsiya tuzish zarur, deb hisoblaydi.
Uning fikricha, Xavfsizlik Kengashi va Bosh assambleya o‘rtasidagi muvozanatni qayta tiklash lozim.
Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik Kengashining veto huquqiga ega doimiy a’zolari Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Xitoy AQSH tomonidan tayyorlangan va Eronga qarshi sanksiyalarga rioya etilishini nazorat qiluvchi mustaqil ekspertlar guruhi mandatini yana bir yilga uzaytirishni nazarda tutuvchi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ygandi.
Live
Barchasi