E’tirozlar ortidan Toshkentda dizayn-kodni joriy etish tartibi qayta ko‘rildi
Jamiyat
−
10:20 1239 2 daqiqa
Poytaxt hokimligi dizayn-kodni joriy etishda xatolarga yo‘l qo‘yganini tan oldi va bildirilgan fikrlar asosida uni qayta ko‘rib chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali soha mutaxassislari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan konstruktiv, jumladan, tanqidiy fikr-mulohazalardan so‘ng shahar ko‘chalari qiyofasidagi o‘zgarishlarni yoritish va tadbirkorlarga dizayn-kod talablarini tushuntirishga doir yondashuv qayta ko‘rib chiqildi.
Bunda asosiy e’tibor ochiq muloqotga, ma’lumotlarni tushunarli tarzda yetkazishga va yuzaga keladigan masalalarni individual tartibda ko‘rib chiqishga qaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 11 mayidan 26 iyuliga qadar dizayn-kodni joriy etish ishlari poytaxtning 56 ta ko‘chasidagi 3 228 ta tadbirkorlik sub’ektini qamrab olgan. O‘zgarishlar bevosita ta’sir ko‘rsatgan tadbirkorlarning fikrini o‘rganish maqsadida Toshkent shahar hokimligi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda so‘rovnoma o‘tkazgan.
Teskari aloqa natijalariga ko‘ra, ayrim hollarda talablar, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va bajariladigan ishlar ketma-ketligi o‘z vaqtida va yetarlicha tushunarli tarzda izohlanmagan. Bu e’tirozlar o‘rinli deb topilgan va kelgusi ishlarda inobatga olingan.
Hokimlikning qayd etishicha, bugungi kunga kelib 509 nafar tadbirkor o‘z binosi fasadini yangilagan, yana 2 627 nafari bu boradagi ishlarni yakunlamoqda. Qolgan masalalar tuman hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda individual tarzda ko‘rib chiqilishi bildirilgan.
Bundan tashqari, “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirokida 18 ta reklama-ishlab chiqarish kompaniyasi mutaxassislarining malakasi oshirilgan.
“Vazifamiz – shunchaki fasadlarni yagona talablarga moslashtirish emas, balki bu jarayonni tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli tashkil etishdir. Dizayn-kod biznes uchun asossiz qiyinchiliklar yaratmasdan, poytaxtimiz qiyofasini yaxshilashi lozim”, deyiladi hokimlik axborotnomasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligida shaharda dizayn-kod borasida olib borilayotgan ishlarni sharmandali deb atagan edi.
Live
Barchasi