“Sharmanda!” Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi dizayn-kodini shunday baholadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligida shaharda dizayn-kod borasida olib borilayotgan ishlarni sharmandali deb atadi. U bu haqda kecha, 30 iyul kuni poytaxtning Mirobod tumani “Lolazor” mahallasiga aholi murojaatidan keyin amalga oshirgan tashrifi davomida gapirgan. 

Mahallada noqonuniy qurilayotgan inshoot, bu yerda bolalar maydonchasi buzib tashlanib, daraxtlar qo‘porilgani haqida axborot berish uchun shay turgan Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga yuzlangan Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi muammolarga ham to‘xtalib, shunday degan: 

“Archa bayram qilib yubormanglar. Shaharning dizayn-kodi muhim masala. Men ko‘rib turibman dizayn-kodingizni, sharmanda hamma joy”. 

Saida Mirziyoyeva mahallani tark etayotib, Baxtiyor Rahmonovning qo‘lini mahkam siqib, dizayn-kod va boshqa masalalarni hokim Shavkat Umurzoqovga yetkazishini buyurarkan "Sharmanda qilmasin", dedi.

Gap shundaki, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2026 yil 17 fevraldagi qarori bilan Toshkent shahrining “Dizayn-kodi” qoidalari rasman tasdiqlangan va joriy etish chora-tadbirlari belgilangan.

Qoidalar poytaxt ko‘chalari va binolarini tartibsiz reklama bannerlari, e’lonlar hamda shahar estetikasiga mos kelmaydigan vizual “chiqindilar”dan tozalashga, shaharsozlik me’yorlariga amal qilgan holda yagona, zamonaviy arxitektura qiyofasini yaratishga qaratilgani aytildi. 

Biroq tadbirkorlar dizayn-kod biznes manfaatlariga zid ishlab chiqilganidan norozi bo‘ldi. Dizayn-kodda peshlavhalar va reklamada “past to‘yingan” yoki “neytral” ranglardan foydalanish talabi qo‘yilgan.

Ko‘plab yirik brendlar, tarmoq kompaniyalari va franshizalarning korporativ ranglari davlat tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan intellektual mulk hisoblanadi. Ularni majburiy ravishda o‘zgartirish yoki neytral rangga o‘tkazish brendning tanilish darajasiga va biznes manfaatlariga bevosita zarar yetkazadi.

Qarorda aynan qaysi rang yoki dizayn “shahar ko‘rinishiga mos” va qaysi biri “to‘yingan” ekani haqida aniq, o‘lchanadigan huquqiy va texnik mezonlar berilmagan. 

Dizayn-kod talablariga moslashish va peshlavhalarni o‘zgartirish uchun tadbirkorlarga bor-yog‘i 3 oy muddat berilgan.

Bir nechta filialga ega tarmoqlar uchun bu qisqa vaqt ichida katta miqdordagi rejalashtirilmagan moliyaviy xarajatni (demontaj, yangi peshlavha tayyorlash va o‘rnatish) anglatadi. Bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmi esa nazarda tutilmagan edi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan hujjat loyihalari majburiy tartibda Biznes-ombudsman bilan kelishilishi va jamoatchilik muhokamasidan o‘tishi shart. Ushbu qaror esa biznes hamjamiyati bilan yetarlicha kelishilmasdan qabul qilingan.

Biznes ombudsman esa aprel oyi oxirlariga kelib, Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlik faoliyatiga daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish, normalarga o‘zgartirish kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish yuzasidan rasmiy xulosa kiritilgan.

Joriy yilning 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimotda esa tadbirkorlik sub’ektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surilgan.

Ayni vaqtda tashqi axborot vositalarini tizimli tartibga solish, tashqi yozuvlarni o‘rnatish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hamda joylashtirish tartibini nazarda tutuvchi “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlangan.

Ushbu hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda. Xususan, “tashqi axborot vositasi, “tashqi yozuv”, axborot ko‘rsatkichi”, “peshlavha”, “e’lon”, “ma’lumotlar taxtasi” kabi tushunchalarga aniq tarif berilmoqda.

Bunda, “tashqi axborot vositasi” va “tashqi yozuvlar” tashqi muhitga qaratilgan hamda tijorat maqsadi ko‘zlanmagan axborot, ya’ni reklama tusiga ega bo‘lmagan vositalar hisoblanib, tashqi axborot vositalarini ularga reklama yoki tijorat tusiga ega bo‘lgan axborot yoki tasvirni joylashtirish orqali o‘rnatishga va foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, peshlavhalar – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYOQSH, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), bunday peshlavhalar tashqi reklama ob’ekti hisoblanmaydi va reklama joyining pasportini olish shart emas.

Ya’ni, muayyan tadbirkorlik sub’ekti egallab turgan binoning tashqi tomonida binoga kirish joyida o‘zi va faoliyat turi (ixtisosligi) to‘g‘risida joylashtirilgan yoki mazkur tadbirkorning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama hisoblanmaydi va buning uchun tegishli ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlarni olish hamda to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing