“Erkalatib yubordik”: Rossiya telekanali efirida navbatdagi propaganda
Tahlil
−
29 yanvar 4078 5 daqiqa
Rossiya propagandistlari Markaziy Osiyo malakatlarini haddini bilishga chaqirdi. Bir chidadik, ikki chidadik, ha boringki uch chidadik, va aynan shu chidash sabab endi yana bir Rossiya propagandisti politolog Sergey Mixeyev Vladimir Markaziy Osiyo va Kavkaz malakatlarini o‘z xatti-harakatlarini bilib yurishga chaqirdi. Uning fikricha, Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlarini erkalatib yuborganmish. Mixeyev bu haqda shunchaki bir ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida emas, balki Solovyovning “Rossiya 1” telekanalidagi “Vecher s Vladimirom Solovyovim” dasturi efirida gapirdi.
Sergey Mixeyev efirda mintaqa davlatlarining tashqi siyosatini tanqid qilib, amalda ularning teng huquqli hamkorlikka loyiq emasdek ko‘rsatgan.
Mixeyevning aytishicha, Moskva qo‘shnilarini ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlab, inqirozli vaziyatlarda “qutqarib”, strategik xato qilgan. Uning fikricha, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari Rossiyaga so‘zsiz sadoqat namoyon etishi shart, ammo buning o‘rniga mustaqil siyosat yuritishga jur’at qilmoqda. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi masalasi uning noroziligiga sabab bo‘lgan.
“Rossiya mehnat bozoridan foydalansada, bu mamlakatlar o‘zlarini “qarzdor” deb tan olmayapti va yetarlicha minnatdorlik ko‘rsatmayapti”, deydi u.
Mixeyev ochiqchasiga tahdidli ishora ham qilgan. U Ukraina ssenariysini eslab, Kremlning “ortiqcha yumshoqligi” va qattiq intizomning yo‘qligi shunday geosiyosiy “fojialarga” olib kelayotganini aytgan. Gapning po‘skallasini ayganda, “Agar biz yumshoqlik qilsak, ular o‘z haddini bilmay qoladi, bu esa ayanchli voqealar bilan tugashi mumkin”, degan mazmundagi tahdidlar bilan chiqqan.
Bundan tashqari, propogandistlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi jamoatchilik faollarining bunday tahdidlar qaytargan javobini kulgiga olib, ularni asabi buzuqlar deb atagan.
“Bilasizmi, ular nega bunchalik asabiylashmoqda. Birinchi sababi ular bizning haqligimizni tan olayotgan bo‘lsa, ikkinchisi biz ularni erkalatib yubordik”, deb aytgan Sergey Mixeyev.
Biroq, bu safar ham O‘zbekiston jamoatchilik faollari bir chetda qarab turmadi. Jumladan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori, siyosatshunos, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja “Mixeyevning Solovyov studiyasidagi bu akillashi yo‘qotilgan imperiya alamidan kelib chiqqan”, deya baholadi.
Mixeyev asabiy ma’ruzalar o‘qiydi. Solovyov baqirib sun’iy kuladi. Va ikkalasi ham imperiya yo‘qotilganidan chin dildan xafa bo‘ladi: bu mamlakatdan endi hech kim qo‘rqmaydi, unga itoat qilinmaydi yoki koinotning markazi sifatida tan olinmaydi. Bu masalaning chinakam kulgili tomoni shundaki, ular hali ham mamlakatlar o‘quvchilar emasligini, dunyo ota-onalar majlisimasligi va haqiqat ularning kechki tok-shousidan iborat emasligini tushunishmagan. Ular kap-katta erkaklarga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida qishki tayganing bir burchagidan kelgan xafa, xo‘rlangan o‘smirlar kabi harakat qilishmoqda. Bolalar, rostini aytsam, men sizlarga chin dildan achinaman. Uyg‘oning — dunyo hozir boshqacha! Xohlaysizmi yoki yo‘qmi, bu haqiqat!”, deb yozdi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Shundan so‘ng, u ko‘rsatuvdagi propagandistlarga qarata “Hasad qilmang; bu yomon xususiyat. Dono o‘zbeklar bejiz aytmagan: hasad bilan emas, havas bilan yashash kerak!”, deb javob qaytargan.
Yanvar oyining boshida Solovyovning xususiy “Solovyov Live” ko‘rsatuvida Markaziy Osiyoga nisbatan yo‘llagan ilk keskin bayonotlariga birinchilardan bo‘lib javob qaytargan “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov “Solovyov kechasi” dasturi ishtirokchilarini hanuz o‘tmish bilan yashayotganligini aytdi.
Afsuski, hali-hanuz televizion studiyalarda o‘tirib o‘tgan asr kategoriyalari bilan yashashga urinayotgan “ekspert”larga murojaat qilmoqchiman. Iltimos, quloq soling va mana shu reallikni yaxshilab yodda tuting.
Birinchidan, Markaziy Osiyo va Kavkaz — bu endi kechagi mintaqa emas. Bu – ochiq, mustaqil, iqtisodiy jihatdan kuchli sub’ektdir. Bu yerga Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi, shu jumladan Rossiya tomonidan milliardlab investitsiyalar kiritilmoqda. Ular, eng avvalo, barqarorlikka sarmoya kiritmoqda.
Ikkinchidan, mintaqamiz davlatlari chegaralar va boshqa bahsli loyihalar bilan bog‘liq masalalarni hal qilib bo‘ldi. Biz ko‘pchilik masalalar bo‘yicha yagona kelishuvga keldik. Hozir konstruktiv, yagona pozitsiyani ilgari suryapmiz. Region hech qachon bugungidek yakdil bo‘lmagan, shuning uchun bu yerda provokatsiya uyushtirishga bo‘lgan har qanday urinish — shunchaki vaqtni bekorga sarflashdir”, deydi Bekmurodov.
Shuningdek, u Markaziy Osiyoning demografik salohiyatini ham urg‘ulagan va bugungi kunda mintaqa yoshlarining DNKsida bo‘ysunish hissi yo‘qligini aytgan.
“Demografiyaga qarang. Markaziy Osiyo — bu 80 million aholi, ularning qariyb 60 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Bu faol yoshlar. Ular mustaqillik ruhida ulg‘aygan. Ularning DNKsida bo‘ysunish hissi yo‘q, bunday teledasturlar bilan ularni qayta tarbiyalab bo‘lmaydi. Ular erkinlikni, o‘z yo‘lini va mustaqil davlatlar tanlagan yo‘lni qadrlaydi”, deydi Bekmurodov.
Yana bir jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa bu bayonotlarni Rossiya davlat telekanali efirida suveren davlatlarning mustaqil tashqi siyosati va teng huquqlilik tamoyiliga ochiq hurmatsizlik sifatida baholadi.
Sizlarga bu tahdidlar ssenariy asosida ketayotganga o‘xshamayaptimi? Hali yanvar oyi tugamasdan har haftada propagandachilarning qo‘shtirnoq ichidagi fikrlari yangrayapti. Bundan avvalgi jurnalist Solovyov, faylasuf Dugin tomonidan bildirilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari suverenitetiga nisbatan ochiqdan-ochiq tahdidli fikrlarni unutmaganiz aniq. Biri Ukrainaga o‘xshab u yerlarda ham harbiy operatsiya o‘tkazish lozim degan bo‘lsa, biri ular Rossiya nazoratidagi hudud va ularning mustaqiligini tan olib bo‘lmaydi deb aytgandi. Yakunida esa o‘sha propagandist Solovev olib borgan ko‘rsatuvda 2024 yilgi saylovlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ishonchli vakili sifatida qatnashgan, siyosatshunos teleboshlovchi Sergey Mixeyev ham mintaqa mamlakatlari haddidan oshgan deb iddao qilmoqda. E’tiborli jihati shundaki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri vakili Mariya Zaharova aytganidek bu bayonotlar endi “divan” tahlilchilarining shaxsiy sahifalaridan emas, Rossiya davlat telekanalidagi efirdan turib yangramoqda. Budan keyin Zaharovaning “Bu bir jurnalistning shunchaki fikri xolos, rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi”, degan bahonalari mantiqsiz va oqlashga urinishdek bo‘lib ko‘rinaveradi.
Live
Barchasi