Kusherboyevning hafsalasini pir qilgan majlis. Inoyatov nega uni gapirtirmadi?

Jamiyat

22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2023 yil uchun mamlakatning eng muhim, dolzarb va yirik hujjati bo‘lgan “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlanib yuborildi. Qizig‘i, bu majlisda deputatlar qonundagi kamchiliklar haqida gapirish o‘rniga Prezidentning Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida ko‘proq gapirdi.

Shuningdek, ular kimnidir tug‘ilgan kuni, bayrami bilan tabriklashga ulgurdi, lekin qonunni birinchi o‘qishda yuzaga kelgan kamchiliklar va e’tirozlar haqida hech kim, hech qanday izoh bildirmadi. 

Masalan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Rasul Kusherboyev spiker o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatovdan qayta-qayta so‘z so‘rashiga qaramay, yig‘ilishga raislik qilayotgan Inoyatov uning gapirishiga ruxsat bermadi. Shu sabali Kusherboyev yig‘ilishdan chiqib ketgan.

 “To‘g‘risi, men birinchi o‘qishda chiqib ketgan edim. Majlisni boshqarib boruvchi spiker o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov ochiqchasiga so‘z bermadi. Turib, zalda [hammaga] eshittirib so‘z so‘radim, ammo byudjet bo‘yicha menga so‘z bermadi. Sababi byudjet bilan tanishib chiqish uchun vaqt ham berilmadi, juda qisqa vaqt berildi. So‘z berishmaganidan, fikr bildirish imkoniyati bo‘lmaganidan keyin, bunaqa yig‘ilishda nima qilaman, deb chiqib ketdim. Ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda Bo‘ka tumanidagi bir masala bo‘yicha ruxsat olib ketgan edim. To‘g‘risi o‘zim ham kirishni xohlamadim. Sababi taklifni eshitishmasa, fikrni, erkinlikni xohlashmasa, unda nima foyda? Biror bir taklifim, fikrim inobatga olinishiga ishonch bo‘lmagani uchun qanday xohlashsa, shunday o‘tkazaverishsin dedim”, deya Kusherboyev o‘z fikrini bildirdi QALAMPIR.UZ’ga.

Shuningdek, u bu qonun byudjet kodeksi talabiga ko‘ra, 15 oktabr kunigacha deputatlarning qo‘liga berilishi kerakligi, lekin atigi bir hafta oldin berilganiga ham o‘z munosabat bildirdi.

“15 oktyabrda berishning o‘zi qiyin. Chunki yilning oxiri, hali hisob-kitoblar to‘liq chiqmagan bo‘ladi. Uni ham tushunsa bo‘ladi. Berilganida ham 7-10 kun tanishib olish hisobga olib vaqt berilishi kerak. Lekin, har yili shu takror bo‘ladi. Ya’ni, juda qisqa vaqt berilgani uchun biz deputatlar qonunning ichiga kirishga ulgurmay qolamiz. Chunki byudjet hajmi juda ham katta. Nimaga hukumat a’zolari parlament deputatlariga doim bunaqa munosabat qilishadi, buni sira tushunmayman", dedi u.


O‘zLiDePning yana bir deputati Doniyor G‘aniyev ham “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokamasining 1-o‘qishida “UzAutoMotors”ga berilayotgan imtiyoz – 225 mlrdlik subsidiya bo‘yicha qattiq e’tiroz bildirgan va Oliy Majlisda yaxshi ma’noda “janjal” ham ko‘targandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat Rasul Kusherboyevning deputatlikdan ketayotgani, Doniyor G‘aniyevning esa uning ketishini qo‘llab-quvvatlamasligi haqida xabar qilgan edik.

Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boshqa a’zolari, spiker Nurdinjon Ismoilov, Qo‘mita raislari, spiker o‘rinbosarlari, Kusherboyevga so‘z bermagan Inoyatov va O‘zLiDeP raisi Aktam Xaitov ham chuqur sukutda. Parlamentdan Kusherboyevning ketishiga va u qo‘ygan masalalarga nisbatan munosabat bo‘layotgani yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

819

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing