Rossiya yana O‘zbekistonning ichki ishiga aralashyapti. Moskva Hakimovning “homiysi”mi?

Tahlil

Reklama
0:00

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova yana O‘zbekistonning ichki ishlariga burnini tiqdi. U SSSR g‘oyalari targ‘iboti bilan shug‘ullangan, Telegramda Comrade Aziz nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik bloger Aziz Hakimovning yonini oldi. Joriy yilning 11 avgust kuni Shayxontohur tuman sudi Hakimovni tuhmat, haqorat va milliy adovat qo‘zg‘atish bilan bog‘liq moddalarda aybdor deb topib, 4 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Shu bilan birga, u urushni targ‘ib qilish bilan bog‘liq ayblov bo‘yicha oqlangan. Zaxarova Hakimov ishida jabrlanuvchi sifatida qatnashgan bloger Nikita Makarenko faoliyatiga O‘zbekistonda huquqiy baho berilishini so‘radi. Biroq shu vaziyatda jamoatchilik faollari orasida haqli savol tug‘ilmoqda: nega aynan kimni tekshirish kerakligini boshqa davlatning tashqi ishlar idorasi ko‘rsatishi kerak?

Aziz Hakimov kim?

Comrade Aziz taxallusi bilan tanilgan Aziz Hakimov Telegram-kanal va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni yuritib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi materiallarni muntazam e’lon qilib kelgan. Shuningdek, Aziz Hakimov sovet ittifoqini tiklash, Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli hujumlarini oqlash va urushni targ‘ib qilish, millatlararo nizo keltirib chiqaruvchi postlari bilan bir necha bor jamoatchilik e’tiroziga uchragan.

Aziz Hakimov O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga qarshi chiqishlar qilgan, SSSRni va uni qayta tiklash g‘oyasini targ‘ib qilgan, shuningdek, siyosiy qatag‘on qurbonlari hamda milliy-ozodlik kurashi xotirasini qoralagan.

Shu sababli, Hakimov 2025 yilning sentyabrida hibsga olingan. Rasmiy ayblovda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi, jumladan 150-modda (“Urushni targ‘ib qilish”) va 156-modda (“milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish”) tilga olingan.

Himoya ma’lumotlariga ko‘ra, ayblovlarning bir qismi Comrade_Aziz telegram kanalida Ikkinchi jahon urushi davridagi suratni “Kiyevga oldinga” yozuvi bilan joylashtirish bilan bog‘liq. Davlat xavfsizlik xizmati ekspertizasi buni “urush qo‘zg‘atish” deb baholagan.  Shuningdek, Hakimov boshqa blogerga qaratilgan tuhmat va haqoratlarda ham ayblangan. Xususan, Hakimov ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya narrativlarini faol tarqatgan – ham Telegramda, ham Facebook’da, u yerda uning “Aziz Adhamovich” sahifasida 19 mingga yaqin obunachi bor edi. Bundan tashqari, u “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurakhmon Tashanov, Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va bloger Nikita Makarenko bilan ochiq mojarolarga kirishgan.
Shu tariqa, Hakimov bir vaqtning o‘zida bir nechta mojarolar markazida qolgan, ya’ni Rossiya urush ritorikasini targ‘ib qilish, tuhmat va haqorat ayblovlari, shuningdek huquq himoyachilari va jurnalistlarga qarshi feyk materiallar tarqatish.

Aziz Hakimov 4 yil 2 oyga qamaldi

Aziz Hakimovga nisbatan hukm 11 avgust kuni Toshkent shahridagi Shayxontohur tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida e’lon qilingandi. Sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazilgan. Sud organlarining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Hakimov 1975 yilda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli, ilgari sudlanmagan va ish ko‘rilayotgan vaqtda vaqtincha ishsiz bo‘lgan.

Sud uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan tuhmat, 140-moddasi 2-qismidagi haqorat hamda 156-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishda aybdor deb topdi.

Ushbu moddalar bo‘yicha tayinlangan jazolar Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalarida belgilangan tartibda qisman qo‘shilib, yakuniy jazo 4 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish etib belgilandi. Jazo muddatini 2025 yil 26 sentyabrdan hisoblash belgilangan.

Shu bilan birga, Hakimovga qo‘yilgan barcha ayblovlar sudda tasdiqlanmadi. Jinoyat kodeksining 150-moddasi – urushni targ‘ib qilish bo‘yicha sud uning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emas degan xulosaga kelib, blogerni oqladi. Bu qaror Jinoyat-protsessual kodeksining reabilitatsiya uchun asoslarni nazarda tutuvchi 83-moddasi 2-bandi asosida qabul qilindi.

Zaxarova Hakimovni yonini oldi

Hukm e’lon qilinganidan keyin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ish yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Mariya Zaxarovaning aytishicha, Rossiya tomoni Aziz Hakimovning faoliyatidan yaxshi xabardor va uni Rossiya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash tarafdori sifatida biladi.
Zaxarova Hakimov ikki davlat munosabatlarini rivojlantirish va umumiy tarixiy xotirani saqlash tarafdori bo‘lib kelganini ta’kidladi. Rossiya TIVning pozitsiyasiga ko‘ra, bloger uzoq vaqt davomida Rossiya – O‘zbekiston aloqalarini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlagan.
Bu Rossiya tomonining Hakimov ishi yuzasidan birinchi bayonoti emas. Mariya Zaxarova iyul oyida, hali hukm chiqarilmasidan avval ham sud jarayoni haqida gapirgan edi. O‘shanda Zaxarova Rossiya bloger bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatib borayotgani, biroq O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmoqchi emasligini ta’kidlagan edi.

“U Rossiya fuqarosi emas va biz hech qanday holatda do‘st O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishni istamaymiz”, dedi Zaxarova.

Shu bilan birga, u Hakimovni Rossiyaning “ko‘p yillik va ishonchli do‘sti” deb ta’riflab hamda sud jarayonining “adolatli va insonparvar qaror qabul qilinishi” bilan yakunlanishiga umid bildirgandi.

Zaxarova boshqa blogerni tekshirishga chaqirdi

Rossiya TIV bayonotida jinoyat ishida jabrlanuvchi sifatida qatnashgan o‘zbekistonlik bloger Nikita Makarenko faoliyatiga ham huquqiy baho berishni so‘ralgan. Aniqroq aytganda, Zaxarova Makarenkoni Rossiyaga qarshi mazmundagi materiallarni tarqatishda ayblagan. Uning da’vo qilishicha, Makarenko millatlararo adovatni kuchaytiruvchi materiallarni tarqatishda davom etmoqda. Rossiya TIV vakili bunday faoliyat Rossiyaga nisbatan ishonchsizlikni shakllantirish va ikki mamlakatning umumiy tarixini salbiy ko‘rsatishga qaratilganini bildirdi.

“Mahkum, bizga yaxshi ma’lumki, izchil ravishda Rossiya – O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash hamda umumiy tarixiy xotirani saqlash tarafdori bo‘lib chiqqan. Shu bilan birga, A. Hakimovga nisbatan sud da’vosining bosh tashabbuskori jazolarsiz qolgan holda rusofobik feyklarni ishlab chiqishda va ochiqdan-ochiq millatlararo adovatni qo‘zg‘atish bilan shug‘ullanishda davom etmoqda”, degan Zaxarova.

Zaxarova Makarenkoning faoliyati Rossiya – O‘zbekiston strategik sherikligiga soya solishini aytgan.

“Bunday “beparvo bo‘lmagan fuqarolar”ning haqiqiy maqsadi Rossiya – O‘zbekiston strategik sherikligiga soya solish, axborot makoniga zararli kun tartibini kiritish va jamiyatdagi millatlararo totuvlikka putur yetkazishdan iborat ekani ko‘rinib turibdi”, deydi Zaxarova.

Rossiya TIV bayonotining yakunida O‘zbekiston tomonidan Nikita Makarenkoning faoliyatiga huquqiy baho berilishi kutilayotgani bildirildi.

“Bizga do‘st bo‘lgan mamlakat rasmiylari nihoyat ushbu soxta vatanparvarning faoliyatiga xolis huquqiy baho berishlariga umid qilamiz”, degan u. 

Jamoatchilik faollari Zaxarova haqida nima deydi?

Jamoatchilik faollaridan biri Rasul Kusherboyev Zaxarovaning bayonotiga munosabat bildirib, Rossiyaning O‘zbekiston ichki ishlariga aralashishini keskin tanqid qildi.

“Bu yerda jiddiy savol tug‘iladi: O‘zbekiston fuqarosining jinoiy ishi va mamlakat ichidagi blogerlar faoliyatiga huquqiy baho berish – kimning vakolati?

Javob oddiy: O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlari va sudlarining”. dedi Kusherboyev.
Kusherboyevning ta’kidlashicha, Hakimovga nisbatan hukm Rossiya TIV tomonidan emas, O‘zbekiston sudi tomonidan chiqarilgan. Sud uni tuhmat, haqorat va milliy adovat qo‘zg‘atish bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha aybdor deb topgan, ayni paytda u urushni targ‘ib qilish ayblovi bo‘yicha oqlangan.

“Tashqi davlat rasmiylarining bir o‘zbek blogerini himoya qilib, boshqa o‘zbek blogerini tekshirishga chaqirishi jamoatchilikda tabiiy savollar uyg‘otadi.
Nega aynan kimni tekshirish kerakligini boshqa davlatning tashqi ishlar idorasi ko‘rsatishi kerak?” dedi Kusherboyev.

Rasul Kusherboyevning so‘zlariga ko‘ra, agar Makarenko yoki boshqa fuqaroning xatti-harakatlarida qonun buzilish alomatlari bo‘lsa, albatta, O‘zbekiston qonunchiligi asosida xolis tekshiruv o‘tkazilishi mumkin. Biroq bunday qaror tashqi bosim yoki siyosiy bayonotlar asosida emas, faqat O‘zbekiston qonunchiligi doirasida qabul qilinishi kerak.

Kusherboyev Hakimov Rossiyadagi kuchlarining topshirig‘i asosida O‘zbekistondagi faollarni qoralash, tuxmat qilish va obro‘sizlantirish bilan shug‘ullanganini aytgan. Uning fikriga ko‘ra, Aslida Hakimovga bundanda og‘irroq jazo berilishi kerak edi. Kusherboyev Hakimov nafaqat Makarenkoga, balki O‘zbekiston suverenitetini himoya qilib chiqqan boshqa bir qator faollar, jumladan o‘ziga qarshi ham jinoyat qilganini va bu tergov sud davomida o‘z isbotini topganini aygan. 

“Rossiya TIVning bu ishga burin suqishi ham Hakimov Rossiya maxsus kuchlari bilan aloqada bo‘lganiga ishonchni kuchaytiradi. Afsuski bugun O‘zbekiston ichida turib, O‘zbekiston suverenitetini yo‘qotish yo‘lida xoinlik qilayotganlar tiqilib yotibdi. Va xavfsizlik idoralarimizning ishi boshqa mayda ishlar emas aynan shundaylar bilan shug‘ullanish bo‘lishi kerak!” dedi Kusherboyev. 

Kusherboyev Zaxarovaning bu bayonoti faqat Hakimov yoki Makarenko haqida emas, O‘zbekistonning huquqiy suverenitetiga daxldorligini alohida urg‘ulagan. 
 

“O‘zbekiston kimni sud qilish, kimni tekshirish va kimga qanday huquqiy baho berishni boshqa davlatlardan ko‘rsatma kutib hal qilmaydi. Qonun barcha uchun teng bo‘lishi kerak – siyosiy qarashidan, millatidan yoki qaysi davlatga yoqishidan qat’i nazar.

O‘zbekiston – mustaqil davlat. Uning ichki masalalariga “mana buni himoya qiling, uni tekshiring” degan uslubda aralashish esa do‘stlikni mustahkamlamaydi!” dedi Kusherboyev.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing