Davlat ishi ayollar uchun og‘ir, haqoratli va jozibasizligicha qolyapti – Kusherboyev
Jamiyat
−
24 yanvar 2023
8830Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Elyor Akbarov kecha, 24 yanvar kuni yarim tunda o‘qituvchilar bilan majlis o‘tkazgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
U Elyor Akbarovning mehnat qonunchiligi talablarini qo‘pol ravishda buzganligi, yarim tunda majlis qilganiga huquqiy baho berilishini talab qilmoqda.
Kusherboyevning aytishicha, xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga yarim tunda majlis o‘tkazish topshirig‘ini Toshkent viloyati prokurori bergan.
Shuningdek, Rasul Kusherboyev Elyor Akbarovning majlisda Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limining ayol kishi bo‘lgan rahbariga qo‘pol munosabatda muomala qilganini aytib, bunga ham huquqiy baho berish kerakligini so‘ragan.
“Ayollar yarim tunda majlis qilinib haqorat qilinadigan bo‘lsa, davlat ishida qanaqa ayol ishlashga rozi bo‘ladi? Yana gender tengligi uchun intilamiz deymiz. Bundan hozircha xulosa shuki, noqobil erkak rahbarlar tufayli davlat ishi ayollar uchun og‘ir, haqoratli va jozibasizligicha qolmoqda”, degan u o‘zining Telegram sahifasida.
Ma’lumot uchun, Akbarov Elyor Ismoilovich 2022 yilning dekabr oyida xalq ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Elyor Akbarov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Olmaliq kon metallurgiya kombinati ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bundan avval, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi rahbari hamda Xalq ta’limi vazirligida qator lavozimlarda faoliyat olib borgan.