Rasul Kusherboyev Toshkentga hokim bo‘ladimi?
Jamiyat
−
21 yanvar 2023
33468Yaqinda QALAMPIR.UZ’da Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarishni o‘z gardaniga olgan Baxtiyor Rahmonov, shuningdek, sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning ishdan ketishiga poytaxtliklarning fikri qandayligi haqida turkum videomateriallar e’lon qilingan edi.
Mazkur videolarning izohlarida esa nafaqat toshkentliklar, balki ko‘plab fuqarolar ham Toshkent shahriga sobiq deputat Rasul Kusherboyev hokim bo‘lishi kerakligini taklif qilgan. Bunday takliflar boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham bildirila boshlagach, Kusherboyevning o‘zi bunga munosabat bildirdi.
“Ertalab tursam, shunaqa gap tarqab ketibdi. O‘zim ham hayronman. Bu odamlarning xohishi bo‘lishi mumkin. Lekin aniqki, rahbariyatning emas. Chunki yoqadimi-yo‘qmi, hokimiyatlarda hokimlarga noqonuniy topshiriqlar juda ko‘p. Shuning uchun hokimlar o‘zlari istagan va istamagan taqdirda noqonuniy topshiriqlarni ham bajaradi. Masalan, o‘tgan yili Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqanddagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘shanda mehmonlar Toshkent viloyatidagi temiryo‘l bo‘yidan yurib borishadi, deb yo‘l bo‘yidagi ko‘p qurilishlar buzdirib tashlandi. Hukumat bunga 10-15 kun muddatda buzib tashlash haqida protokol bilan buyruq bergandi. Vaholanki, qonun bo‘yicha va hukumatning 460-sonli qarori bo‘yicha qurilmaning noqonuniyligini sud aniqlashi kerak. Buning uchun esa kamida 1-1,5 oy vaqt ketadi. Bular 15 kun vaqt beryapti. Yangiyo‘l shahar hokimi esa qonunga qaramay bu hukumatning topshirig‘i, deb buzdirib tashladi. Natijada u qonunni buzdi. Lekin unga kelganda prokuror ham, boshqasi ham ko‘z yumib turdi. Nimagaki, bu hukumatning topshirig‘i. Demak, hokimlarga noqonuniy topshiriqlar beriladi va hozirgi sharoitda har qanday iqtidorli, bilimli odamni ham bunaqa ishlar sindirib qo‘yishi mumkin”, deydi Kusherboyev o‘z videomurojaatida.
Shu sababli Kusherboyev noqonuniy topshiriqlar berib, noqonuniy ishlar bajariladigan joyda ishlashni istamasligini, agar hokimiyatlarda faqat qonuniy, vijdonli va to‘g‘ri ma’noda bir guruh shaxslarning emas, odamlarning, xalqning manfaati yo‘lida ishlashga imkon beradigan sharoit bo‘lsagina hokim bo‘lishga rozilik berishini ma’lum qilgan.
“Lekin hozirgi vaziyatda mobodo menga shunaqa taklif berilgan taqdirda ham men buni rad etaman. Bilaman, bu odamlarning xohishi, biroq rahbariyatning emas. Chunki ularning ko‘p noqonuniy topshiriqlari bo‘ladi. Men esa ularni bajarishni istamayman. Uzr, og‘aynilar!” degan u.
Kusherboyev o‘z fikrlarini davom ettirar ekan, endilikda hokimlarni tayinlash yo‘lidan qaytib, uning o‘rniga saylash tizimiga tezroq o‘tish kerakligini taklif qildi.
“Hozir rahbariyatning menga ko‘zi ham uchib turgani yo‘q. Odamlar buni xohlagani bilan bizda har doim ham odamlarning xohishi inobatga olinavermaydi. Agar saylov yo‘liga o‘tilsa, hokimlar saylanadigan bo‘lsa, bu boshqa gap. Hozir bizning hokimlar saylanmaydi, tayinlanadi. Shuning uchun biz hokimlarni saylash tizimiga o‘tishimiz kerak. O‘ylaymanki, prezidentni adashmay saylay olayotgan, deputatlarni saylay olayotgan odamlarimiz o‘z hokimini ham saylay oladi, albatta”, deydi sobiq deputat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rasul Kusherboyev parlamentda uning fikri eshitilmagani uchun deputatlikdan ketishga qaror qilgan edi.