Ozarbayjon va Armaniston bir-birini yana sulhni buzishda aybladi

Olam

image

Tog‘li Qorabog‘dagi yangi sulh ham avvalgilari taqdirini takrorlayapti. Dastlab o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan ko‘p o‘tmay Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston Qurolli kuchlari yana hujum qilganini e’lon qildi.

“26 oktyar kuni soat 8:05 da Armaniston Qurolli kuchlari yangi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzib, Lochin shahri yo‘nalishida Ozarbayjon  armiyasining Lochin tumanidagi Safiyan qishlog‘idagi bo‘linmasiga artilleriyadan hujum qildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Armaniston bu ayblovni rad qildi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach esa Armaniston Mudofaa vazirligi Matbuot kotibi Shushan Stepanyan Ozarbayjonni Qorabog‘dagi sulhni buzishda aybladi.

“Ozarbayjon tomoni AQSHda erishilgan sulhni qo‘pol ravishda buzgan holda soat 8:45 da Arsax (tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining armiyasi) pozitsiyalariga artilleriyadan hujum qildi”, degan Stepanyan.

Avvalroq, AQSH Davlat departamenti Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ masalasida sulh tuzgani va u soat 8:00 dan kuchga kirganini e’lon qilgandi.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida sulhga erishgandi. Ammo bu sulhning umri bir necha soat davom etdi. Keyinroq, tomonlar yana o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. Bu safar ham rejim uzoqqa bormadi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing