Omon qolishni istagan rus askarlari uchun qochish payti keldi – Zelenskiy
Olam
−
30 avgust 2022
17275Omon qolishni istagan Rossiya harbiylari uchun qochish vaqti keldi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aytib o‘tdi. U urush davom etar ekan, mamlakatdagi hech bir rasmiy rejalarni e’lon qilmasligini ta’kidladi.
“Kim bizning rejalarimizni bilishni xohlaydi? Haqiqatan ham mas’uliyatli shaxsdan hech qanday aniq ma’lumotlarni eshitmaysiz. Chunki bu urush. Urushda shunday. Ammo bosqinchilar bilishlari kerak: biz ularni chegaragacha haydab chiqaramiz. Agar ular omon qolishni istasa, Rossiya armiyasining yugurish vaqti keldi”, deydi Zelenskiy kecha, 29 avgustdagi videomurojaatida.
Davlat rahbari rossiyalik harbiylarni taslim bo‘lishga chaqirdi va Jeneva konvensiyalarining barcha normalariga rioya etilishini kafolatladi.
“Uyga keting. Agar siz Rossiyadagi uyingizga qaytishdan qo‘rqsangiz, taslim bo‘ling va biz ularga Jeneva konvensiyalarining barcha me’yorlari bajarilishini kafolatlaymiz. Agar ular meni eshitmasalar, bizning himoyachilarimiz bilan ish bitirishadi, ular Ukrainaga tegishli hamma narsani ozod qilmaguncha to‘xtamaydilar”, deydi Prezident.
Zelenskiy “bu alohida narsa emas. Bu kutilmaganda boshlangan narsa emas. Biz bu haqda 187 kundan beri gapiramiz”, deydi.
Ukraina rahbari, shuningdek, dushanba kuni harbiylar, harbiy-sanoat sektori vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazganini aytdi.
“Muhim uchrashuvlar, muhim mavzular, lekin buni ovoz chiqarib aytish noto‘g‘ri. Himoyachilarimiz dushmanning moddiy-texnik ta’minoti, bazalari, qo‘mondonlik markazlarini yo‘q qilganda natijani hamma ko‘radi. Biz buni davom ettiramiz”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina janubiy yo‘nalishda qarshi hujumga o‘tdi. Ukrain harbiylari Xerson viloyatida Rossiyaning dastlabki mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgani aytilmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi