Oltindan “Kamaz”gacha. AQSH Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Yangi ro‘yxatga jami 57 kishi kiritilgan. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, endi AQSH Rossiyadan oltin import qilmaydi.

Bundan tashqari, 50 dan ortiq jismoniy shaxs va 110 ta tuzilmaga nisbatan cheklov choralari joriy etildi. Xususan, “qora ro‘yxat”ga teleboshlovchi va media-menejer Tina Kandelaki, “Kamaz” bosh direktori Sergey Kogogin, Rossiya Federatsiyasining sobiq Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov va uning oila-a’zolari hamda boshqa rossiyaliklar kiritilgan.

Shuningdek, ro‘yxatga 100 dan ortiq tashkilot ham qo‘shilgan. Ular orasida eng yirik rus korporatsiyalaridan “Kamaz”, aviatsiya zavodlari - "Ob’edinennaya aviastroitelnaya korporatsiya", "Aviatsionniy kompleks imeni Ilyushina", "Tupolev" kabilar ham bor. 

Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga kirishi taqiqlangan amerikaliklar ro‘yxatini 25 kishiga kengaytirgan edi. Ro‘yxatga Amerika yetakchisining rafiqasi Jill Bayden va uning qizi Eshli ham kiritilgan.

Bir kun oldin Oq uy AQSHning 500 ga yaqin rossiyalik mansabdor shaxslarga nisbatan viza cheklovlari joriy etish, shuningdek, Ukraina hududlaridagi “xususiy harbiy kompaniyalar”, bir qator harbiy qismlar va amaldorlarga qarshi sanksiyalar joriy etish niyatini e’lon qildi. 

22 iyun kuni Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays AQSH maxsus operatsiya yakunlanmaguncha Rossiyaga bosimni davom ettirish niyatida ekanini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing