“Olti oydan keyin ko‘ramiz”. Tramp Putinga javob qaytardi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning “sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga ta’sir qilmaydi” degan bayonotiga munosabat bildirib, o‘zi joriy etgan sanksiyalarning ta’siri olti oy ichida namoyon bo‘lishini aytdi. Bu haqda u kecha, 23 oktyabr kuni Oq uydagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Uning shunday fikrda ekanidan xursandman. Bu yaxshi. Nima bo‘lishini olti oydan keyin ko‘ramiz”, dedi Tramp Putinning gapiga javoban.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt jurnalistlar savoliga javob berar ekan, Tramp tomonidan joriy etilgan “ancha jiddiy” sanksiyalar Rossiyaga bosim o‘tkazishi va iqtisodiy zarar yetkazishini kutayotganini bildirdi.

Bir kun oldin Putin Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqida izoh berib, bu cheklovlar mamlakat iqtisodiy holatiga “sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini” aytgandi. 

“O‘zini hurmat qilgan hech bir davlat hech qachon bosim ostida qaror qabul qilmaydi”, dedi u.

16 oktyabr kuni Tramp va Putin telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng, AQSH Prezidenti Vengriya poytaxti Budapeshtda Rossiya rahbari bilan uchrashishini e’lon qilgan edi. Biroq 23 oktyabrda Tramp bu uchrashuvni bekor qilganini ma’lum qildi

“Menimcha, biz kerakli natijaga erisha olmasdik. Shuning uchun, uchrashuvni bekor qildim. Ammo kelajakda buni amalga oshiramiz”, dedi u. 

Putin esa jurnalistlarga Tramp “uchrashuvni bekor qilish emas, ko‘chirish haqida gapirganini” aytdi.

Shu bilan bir vaqtda, AQSH Moliya vazirligi Tramp prezidentligi davridagi Rossiyaga qarshi ilk sanksiyalar to‘lqinini e’lon qildi. Ular ostiga Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi – “Lukoyl” va “Rosneft” tushdi. Sanksiyalar joriy etilgandan so‘ng, Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan bo‘lgan Xitoyning to‘rtta davlat neft kompaniyasi Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing