AQSH “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiya kiritdi
Olam
−
23 Oktabr 2025 4138 2 daqiqa
Kecha, 22 oktyabr kuni AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar joriy etganini e’lon qildi.
Vazirlikning bayonotiga ko‘ra, bu chora Rossiyaning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik jarayoniga “jiddiy munosabat bildirmagani” bilan izohlandi.
“Hozir qotilliklarni to‘xtatish va darhol oteshkesim e’lon qilish vaqti keldi. Prezident Putinning bu ma’nisiz urushga chek qo‘yishdan bosh tortganini hisobga olgan holda, Moliya vazirligi Kreml harbiy mashinasini moliyalashtirayotgan Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqda”, dedi AQSH Moliya vaziri Skott Bessant.
Press-relizda ta’kidlanishicha, sanksiyalar “Lukoyl” va “Rosneft”ning Rossiya hududida joylashgan filiallariga ham tatbiq etiladi. Umumiy ro‘yxatda 34 ta kompaniya bor: shulardan 28 tasi “Rosneft”, 6 tasi “Lukoyl”ga tegishli.
“Bugungi qaror natijasida yuqorida qayd etilgan shaxslar va kompaniyalarning AQSHdagi yoki AQSH fuqarolari nazoratidagi barcha aktivlari va mol-mulklari muzlatib qo‘yiladi hamda bu haqda OFAC'ga xabar berilishi shart”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, sanksiyalangan shaxs yoki kompaniyalar ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan barcha yuridik shaxslar ham bloklanadi. Bu qoidalarni buzgan shaxslar – ham AQSH fuqarolari, ham xorijliklar – nisbatida fuqarolik yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanishi mumkin.
AQSH Prezidenti nega aynan hozir Rossiyaga nisbatan sanksiya joriy etgani haqidagi savolga shunday javob berdi:
“Men his qildimki, vaqti keldi. Biz uzoq kutdik”, dedi u.
Tramp sanksiyalarning ko‘lamini “juda katta” deb baholadi. Jurnalistlar nega bu sanksiyalar Moskvaga Ukrainada oteshkesimga rozi bo‘lish uchun ta’sir qiladi, deb o‘ylayotganini so‘rashganda, u shunday dedi:
“Buning natijasi qanday bo‘lishini bilmayman. Ammo ta’siri bo‘ladi, deb o‘ylayman, chunki bu neft sohasiga tegishli jiddiy sanksiyalar. Umid qilamanki, Putin ham, Zelenskiy ham aql bilan ish tutadi – axir tangoda ikki kishi raqsga tushadi”.
AQSH Prezidenti ta’kidlashicha, agar Putin Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, sanksiyalar tezda bekor qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 15 oktyabr kuni Buyuk Britaniya ham “Lukoyl” va “Rosneft”ga qarshi sanksiyalar joriy etgan edi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025