Xitoy kompaniyalari Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatdi
Olam
−
24 Oktabr 2025 9855 3 daqiqa
Xitoyning yirik davlat kompaniyalari AQSH sanksiyalari qo‘llanganidan keyin dengiz orqali Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatdi. Bu haqda “Reuters” manbalarga tayanib xabar berdi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, PetroChina, Sinopec, China National Offshore Oil Corporation (CNOOC) va Zhenhua Oil neft kompaniyalari sanksiyalar yuzasidan xavotirlar tufayli hech bo‘lmaganda qisqa muddatda Rossiya neftini dengiz orqali tashishdan bosh tortdi.
Qayd etilishicha, Xitoy kuniga taxminan 1,4 million barrel Rossiya neftini dengiz orqali import qiladi, buning asosiy qismi mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari, jumladan kichik operatorlar tomonidan sotib olinadi. Xitoy davlat kompaniyalari tomonidan Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha hisob-kitoblar turlicha. “Vortexa” tahlilchilarining fikriga ko‘ra, 2025 yilning birinchi to‘qqiz oyida bunday yetkazib berishning kunlik hajmi 250 ming barreldan kam, “Energy Aspects” bu ko‘rsatkichni 500 ming barrel deya baholamoqda.
Ikki manbaga ko‘ra, Sinopec’ning savdo bo‘limi bo‘lgan Unipec o‘tgan hafta Buyuk Britaniyaning “Rosneft”, “Lukoyl”, “soya floti kemalari” va Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatdi. Mustaqil xitoylik neftni qayta ishlovchi korxonalar sanksiyalar ta’sirini baholash uchun xaridlarni to‘xtatib qo‘yishi mumkin, biroq bir qancha treyderlarning fikriga ko‘ra, ular hali ham Rossiyadan yetkazib berishni davom ettirishga intiladi.
Kuniga qariyb 900 ming barrel Rossiya nefti Xitoyga quvurlar orqali yetkaziladi, bularning barchasi PetroChina’ga ketadi. Agentlik suhbatlashgan treyderlarning fikricha, sanksiyalar PetroChina’ga ozgina ta’sir qiladi. “Reuters” manbalari Xitoy va Hindistonning boshqa manbalarga o‘tishini kutmoqda, bu esa Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasidagi neft narxining oshishiga olib keladi.
Hindiston davlat neftni qayta ishlash zavodlari AQSHning yangi sanksiyalari munosabati bilan Rossiya neft savdosiga oid hujjatlarni ko‘rib chiqishni boshladi. Bu cheklovchi choralar Rossiya neftini yetkazib berishni davom ettirishni imkonsiz qiladi.
22 oktyabr kuni Qo‘shma Shtatlar “Rosneft”, “Lukoyl” va ushbu kompaniyalarning 50 foiz va undan ko‘proq ulushiga ega bo‘lgan kompaniyalarga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Vashington ularga operatsiyalarini qisqartirish uchun bir oy vaqt berdi. Qo‘shma Shtatlar bu harakatlarini “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish yo‘qligi” bilan izohladi. O‘sha kuni kechqurun AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashuvni bekor qilganini e’lon qildi.
Moskva G‘arb sanksiyalarini noqonuniy deb hisoblaydi. Vashingtonning yangi cheklov choralarini qo‘llash qarorini izohlar ekan, Putin 23 oktyabr kuni bu nodo‘stona harakat, Rossiyaga bosim o‘tkazishga urinish ekanini va bu kabi harakatlar AQSH bilan munosabatlarga putur yetkazayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi AQSH Prezidenti Donald Trampga Rossiyadan neft xarid qilmaslikka va’da bergandi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025