Putin Tramp bilan uchrashuvi nega qoldirilganini aytdi
Olam
−
24 Oktabr 13134 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashritilgan uchrashuv bekor qilinmadi, aksincha, keyinroqqa surildi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin jurnalistlarning savollariga yo‘llagan javobida aytib o‘tdi.
Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, boshidanoq uchrashuv AQSH tomonidan taklif qilingan va uni keyinga qoldirish ham Oq uyning qarori.
“So‘nggi telefon suhbatimizda uchrashuvning o‘zi ham, uning o‘tkazilish joyi ham Amerika tomonidan taklif qilingan edi va men bunga rozi bo‘ldim, bu masala bo‘yicha fikrlarimni bildirdim va albatta, bunday uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytdim. Bunga yengil yondashish va bu uchrashuvni natijasiz qoldirish men uchun ham, Amerika Prezidenti uchun ham xato bo‘ladi”, degan Kreml rahbari.
Putin, shuningdek, jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, AQSH va Yevropa tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan yangi sanksiyalar haqida ham fikr bildirgan. Uning ta’kidlashicha, cheklovlar “mamlakatning iqtisodiy farovonligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi”. Putin sanksiyalarni Rossiyaga bosim o‘tkazishga urinish deb atagan.
“O‘zini hurmat qiladigan biror bir mamlakat hech qachon bosim ostida biror narsaga qaror qilmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Putin Vladimir Zelenskiyning Ukraina uzoq masofali qurollarni olishi haqidagi bayonotini vaziyatni keskinlashtirishga urinish deb atagan.
“Agar bunday qurollar Rossiya hududiga zarba berish uchun ishlatilsa, javob juda jiddiy bo‘ladi. Ular bu haqda o‘ylab ko‘rsin”, degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda bo‘ladigan uchrashuvni bekor qilganini aytgandi.
“Biz Putin bilan uchrashuvni bekor qildik. Menga shunday taassurot paydo bo‘ldi-ki, bu noto‘g‘ri. Menga shunday tuyuldi-ki, biz yetishimiz kerak bo‘lgan nuqtaga yetolmaymiz. Shuning uchun uchrashuvni bekor qildim. Ammo kelajakda bu amalga oshiriladi”, degan Oq uy rahbari.
Live
Barchasi