Olma-otada ikki politsiya xodimi boshsiz holda topildi
Olam
−
06 yanvar 2022
30293Qozog‘istondagi tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lgan xavfsizlik xizmati xodimlari soni 18 nafarga yetdi. Yana 748 nafari turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumot bergan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida 2298 kishi hibsga olingan. Mamlakatda norozilik namoyishlari davom etmoqda.
Qozog‘iston markaziy televideniyesining xabar berishicha, bugun, 6 yanvar kuni mamlakatdagi yirik shahar hisoblangan Olma-otada ikki politsiya xodimi boshsiz holda topilgan.
Qayd etilishicha, bunday jarohatlar bilan jasadlarning mavjudligi rasmiylar tomonidan “Olma-otaga hujum qilgan bandit tuzilmalarining terroristik va ekstremistik xarakterining bevosita dalili" sifatida baholanadi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi