Oq uy Rossiya qurol uchun KXDRdan najot qidirayotganiga munosabat bildirdi

Olam

image

Rossiya Koreya Xalq Demokratik Respublikasidan millionlab raketalar va artilleriya snaryadlarini sotib olgan bo‘lishi mumkin, ammo AQSHda bu qurollar jang maydonida qo‘llanilganiga hech qanday dalil yo‘q. Bu haqda Oq uy Xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.

“AQSH ma’lumotlariga ko‘ra, jo‘natmalar millionlab raketalar va artilleriya snaryadlarini o‘z ichiga oladi. Ammo sotib olish jarayoni yakunlangani va bu qurollar jang maydonida qo‘llanila boshlangani haqida hech qanday dalil yo‘q”, deydi Oq uy vakili.

Bu xarid Rossiyaning Ukraina bilan urushda naqadar “umidsiz va nochor” ekanini ko‘rsatadi, deydi Kirbi.

U, shuningdek, Vashington Xitoy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tayotgani alomatlarini ko‘rmayotganini qo‘shimcha qilgan.

Shu bilan birga, Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning aytishicha, Vashington bu borada Moskvaning Pxenyanga murojaat qilgani alomatlarini ko‘rmoqda. Bundan tashqari, Rayder Rossiya o‘q-dorilar sotib olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar orasida Eronni ham qayd etgan.

Rayderning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar Rossiyaning Ukrainadagi og‘ir ahvolidan darak beradi. Xususan, gap ta’minot muammolari haqida ketmoqda, deya tushuntirgan Pentagon vakili.

Avvalroq “The New York Times” gazetasi AQSH razvedkasi ma’lumotlariga asoslanib, Rossiya sanksiyalar sabab KXDRdan raketa va snaryadlar sotib olayotgani haqida yozgandi. O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Rossiya Shimoliy Koreyadan qurol sotib olayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, ularni soxta deb atadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing