OAV: AQSH razvedkasi eronlik olim qotilligida Isroilni aybdor deb hisoblayapti
Olam
−
28 noyabr 2020
6318AQSH razvedka xizmati eronlik yadro fizigi Mohsen Fahrizodaning o‘ldirilishi ortida Isroil turganini da’vo qilmoqda. Bu haqda “New York Times” AQSH razvedka xizmatidagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.
“Bir amerikalik amaldor va ikki nafar razvedka rasmiysi olimga qilingan hujum ortida Isroil turganini ma’lum qildi”, deb yozadi gazeta.
Nashrning bildirishicha, Qo‘shma Shtatlar operatsiya to‘g‘risida oldindan xabardor bo‘lganmi yoki yo‘qmi noma’lum, ammo bu ikki mamlakat (Isroil va AQSH – tahr.) eng yaqin ittifoqdoshlar va Eron bo‘yicha uzoq vaqtdan beri razvedka ma’lumotlarini almashmoqdalar.
Oq uy va Markaziy razvedka boshqarmasi bu masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.
Avvalroq Eronning yadrochi-fizik olimi Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi. U Eron poytaxti yaqinidagi Absard aholi punktida terrorchilar hujumi qurboni bo‘ldi.
Rasmiy Tehron yadrochi olimining o‘limidan so‘ng AQSH va Isroilni ogohlantirdi. Xususan, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Isroilning yadrochi olim qotilligiga aloqadorligini e’lon qildi.
Shuningdek, Eron Oliy rahbarining maslahatchisi Husayn Dehqon mamlakat yadro dasturi mualliflaridan biri bo‘lgan yuqori martabali yadrochi olim Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishiga javob qaytarishni va’da qildi.
O‘z navbatida, hujumni uyushtirishda ayblanayotgan Isroil tomoni bu hodisaga izoh berishdan bosh tortdi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi