Hujjatlar, darsliklar, OAV faoliyati: yangi alifboga ötiş tartibi belgilanmoqda
O‘zbekiston
−
21:47 469 4 daqiqa
Özbekistonda ID-kartalar, xorijga çiqiş pasportlari, haydovçilik guvohnomalari, avtomobillarning texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangi alifboda rasmiylaştiriladi. Şuningdek, Ta’lim tizimida yangi alifboga ötiş 2027–2031 yillarda amalga oşirilişi rejalaştirilgan. Bu haqda Adliya vazirligi bugun, 21 noyabr kuni jamoatçilik muhokamasi uçun e’lon qilgan Vazirlar Mahkamasining “Özbek alifbosiga kiritilgan özgartirişlarni jamiyat hayotining barça sohalariga joriy etiş çora-tadbirlari töğrisida”gi qarori loyihasida keltirilgan.
Loyihaga köra, qonun kuçga kirganidan keyin ID-kartalar, xorijga çiqiş pasportlari, haydovçilik guvohnomalari, avtomobillarning texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangi alifboda rasmiylaştiriladi. Biroq avval berilgan hujjatlar öz yuridik kuçini saqlab qoladi.
Davlat organlariga ism, familiya yoki otasining ismi yozilişidagi farqlar tufayli fuqarolarga xizmat körsatişni, hujjatlarni qabul qilişni yoki şaxsini tasdiqlaşni rad etiş taqiqlananadi.
Oldinroq tayyorlangan hujjat blankalaridan 2028 yil 1 yanvarga qadar foydalanişga ruxsat beriladi. Milliy valyuta va qimmatli qoğozlarni esa qayta rasmiylaştiriş talab etilmaydi.
Şuningdek, ta’lim tizimida yangi alifboga ötiş 2027–2031 yillarda amalga oşirilişi rejalaştirilgan. Bu davrda 1–11-sinflar uçun darsliklar va öquv-metodik majmualar yangi imlo qoidalariga moslaştiriladi.
Ilk özgarişlar 2027/2028 öquv yilidan boşlab birinçi sinf darsliklarida joriy etilişi kutilmoqda. Qolgan sinflar uçun darsliklar esa belgilangan qayta naşr etiş muddatlariga muvofiq yangilanadi.
Pedagoglar uçun malaka oşiriş kurslari, seminar va treninglar taşkil etiladi. Şuningdek, 5–11-sinf öquvçilari uçun imlo savodxonligini baholaşda vaqtinçalik yengilliklar joriy etiş taklif qilinmoqda. Ular 2028 yil 1 avgustga qadar, jumladan, yakuniy davlat attestatsiyasi va kiriş imtihonlarida qöllanişi mumkin.
Maktabgaça yoşdagi bolalar uçun yangi alifboga oid maxsus öquv materiallari, plakatlar, örgatuvçi öyinlar va multfilmlar tayyorlanadi. Xususan, 2027 yilda törtta yangi harfga bağişlangan “Sehrli harflar sarguzaştlari” nomli tört qismli multserial yaratiş taklif etilgan.
Bundan taşqari, qaror loyihasida qonun kuçga kirganidan keyin özbek tilidagi OAV materiallari va bosma mahsulotlarni yangilangan alifboda çop etiş nazarda tutilgan. Uşbu talab gazeta, jurnal, telekanal va internet naşrlariga ham tegişli. Tahririyatlar texnik vositalarni tayyorlaşi va xodimlarni yangi imlo qoidalariga öqitişi kerak.
Şu bilan birga, 2027 yil 22 apreldan 2028 yil 22 aprelgaça mahsulot qadoqlari va yorliqlarida amaldagi hamda yangilangan alifbolardan birgalikda foydalanişga ruxsat beriladi. 2028 yil 22 apreldan boşlab yangi buyurtma qilinadigan qadoqlar va yorliqlarda yangilangan alifbodan foydalaniş majburiy böladi. Avval tayyorlangan qadoqlaş materiallaridan esa 2029 yil 22 aprelga qadar foydalaniş mumkin.
Qonuniy ravişda markirovka qilingan tovarlarni ötiş davri tugaganidan keyin ham yaroqlilik muddati tugaguniga qadar sotişga ruxsat berilişi rejalaştirilmoqda.
Bank mobil ilovalari, bankomatlar, tölov terminallari, soliq va bojxona axborot tizimlari hamda elektron savdo platformalari interfeyslari ham yangi alifboga moslaştiriladi.
Kelasi yildan boşlab davlat muassasalari peşlavhalari, savdo va xizmat körsatiş ob’ektlaridagi axborot yozuvlari, yöl körsatkiçlari, aeroport va vokzallardagi tablolar, jamoat transporti yönalişlari hamda bekatlar belgilari bosqiçma-bosqiç özgartiriladi.
Davlat gerbi va davlat mukofotlaridagi yozuvlarni yangilaş böyiça hujjatlar loyihalarini ham 2027 yilda işlab çiqiladi. Oldinroq örnatilgan peşlavhalar, gerb tasvirlari va geografik körsatkiçlardan ular eskirguniga qadar yoki belgilangan muddatgaça foydalaniş mumkin böladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga Ö, Ğ, Ş va Ç harflarini qulay kiritiş imkonini beruvçi özbek klaviaturasining yagona standartini işlab çiqiş topşirilişi rejalaştirilgan.
Uşbu standart Android, iOS, macOS va Windows operatsion tizimlariga moslaştiriladi. Xalqaro texnologiya kompaniyalariga tegişli takliflarni 2027 yilda yuboriş rejalaştirilgan.
Şuningdek, OneID va my.gov.uz kabi davlat axborot tizimlari ham yangilangan alifboga moslaştiriladi. Elektron matnlarning imlosini tekşiriş, tahrirlaş va avtomatik tarzda yangi alifboga ögiriş uçun bepul dasturlar, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari asosidagi yeçimlar işlab çiqiladi.
Loyihada 2026–2027 yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek va Meta kompaniyalariga ularning ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va Meta AI tizimlarini yangilangan özbek alifbosi hamda imlo qoidalariga moslaştiriş taklifi bilan murojaat qiliş ham nazarda tutilgan.
Alifbo islohoti sababli domen nomlari, elektron poçta manzillari, loginlar, hisob raqamlari va şartnoma raqamlarini özgartiriş yoki qayta röyxatdan ötkaziş talab etilmaydi.
Mazrku qaror loyihasi böyiça jamoatçilik muhokamasi joriy yil 6 dekabrga qadar davom etadi.
Eslatib ötamiz, joriy yilning 21 oktyabr kuni Prezident özbek alifbosidagi törtta harfni özgartiriş töğrisidagi qonunni imzolagan edi. Yangilangan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat böladi. Unga köra, quyidagi harflar özgarmoqda:
O‘ o‘ – Ö ö;
G‘ g‘ – Ğ ğ;
Sh sh – Ş ş;
Ch ch – Ç ç.
Qonun 2027 yil 22 apreldan kuçga kiradi.
Live
Barchasi