Nishonda yana Shodmonov. Endi Qonunchilik palatasi vazirga “tish qayradi”
Jamiyat
−
10 yanvar 2020
14370O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov yana nishonda. Parlament so‘roviga vazir jo‘natgan javob deputatlarni qoniqtirmadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy saytida xabar berildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning “Tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish, uning rivojlanishiga ko‘maklashish hamda sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi muhokama etildi.
Parlament so‘rovi yuborilishiga esa, o‘z navbatida, deputatlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi asos bo‘ldi. Ko‘rinadiki, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish va rag‘batlantirish borasida ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, hududlarda xususiy tibbiyot muassasalarining faoliyatini kengaytirish uchun sharoitlar yetarli emas hamda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan masalalar hamon saqlanib qolmoqda. Xususan, tadbirkorlarga yer ajratish, bo‘sh turgan ob’ektlarni “nol” qiymatida berish, imtiyozli kreditlar ajratish, tayyor ob’ektlarni kommunikatsiya tarmoqlariga ulash borasida qator muammolar mavjud.
Parlament so‘rovi orqali sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan masalalarni tizimli ravishda hal etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, hududlarda xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘ining faoliyatini faollashtirish va kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarning holati, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish Sog‘liqni saqlash vaziridan talab etildi.
“Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur so‘rovga yuborgan javob xatida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalaning yechimini topish uchun bajarilgan amaliy ishlar qayd etilishi o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohaga oid qabul qilingan Farmon va qarorlardagi statistik ma’lumotlarni keltirish bilan cheklanilgani ajablanarli bo‘ldi. Boshqacha aytganda, vazirlik parlament so‘roviga mas’uliyat bilan yondashmagani yaqqol ko‘zga tashlandi va ushbu javob deputatlarni qoniqtiradi, deb bo‘lmaydi.
Ta’kidlash lozimki, parlament so‘roviga javob Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama etilishi lozim. Ungacha bo‘lgan davrda deputatlar Sog‘liqni saqlash vazirining parlament so‘roviga yo‘llagan javobini o‘zgartirishi va unda ko‘tarilgan muammolarni hal etilishi borasida aniq ishlar bajarilganligi to‘g‘risida vazirning shaxsan o‘zi Qonunchilik palatasi majlisida axborot berishini umid qilmoqda. So‘rov natijasi shunday hal etilgandagina javob deputatlarni qanoatlantirgan bo‘lar edi”, deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyi oxirlarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etmagani uchun Alisher Shodmonovni Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov qattiq tanqid qilgan edi. Shodmonov Senat yig‘ilishidan bexabar bo‘lganini iddao qildi. Biroq, unga Senat tomonidan xat kiritilgan. Shu bois Oliy Majlis Senati Shodmonov va Sog‘liqni saqlash vazirligidagi ichki intizom ustidan Hukumatga murojaat kiritdi. Vazirlar Mahkamasi mazkur holat bo‘yicha sovuqqonlikka nisbatan chora ko‘rdi.
LiveBarchasi