Koronavirusga chalingan bemor Alisher Shodmonovga murojaat yo‘lladi. Prokuratura tekshiruv boshladi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2020
24004Kecha, 29 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati politexnika instituti yotoqxonasida tashkil etilgan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash markazida qolayotgan bemorning murojaati tarqalgan edi.
Unda markazning 411-xonasida yotib davolanayotgan Qobiljon Abdusattorov Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir qator savollar bilan murojaat qilgan.
“Agar davlatimiz koronavirusga chalingan har bir bemorning davolanishi uchun 32 milliondan pul ajratayotgan bo‘lsa, biz dorilarni nega o‘z pulimizga sotib olyapmiz? Bu pullar qayerga ketyapti? Sizlar xalqni aldayapsizlar? Agar rostan ham pul ajratilayotgan bo‘lsa, unda dorilar qani? Ajratilmagan bo‘lsa, nega ajratyapmiz deb xalqni aldayapsizlar? Oddiy bir narsa, sharmandalik – bugun tushlik yo‘q. Sanitarkani chaqirib, “obed” qani, desak, “shuncha odamga bir paqir ovqat beryapti, qaysi biringizga yetkazaman”, deydi. Ana sharmandalik! Har bir odamga 32 milliondan ajratayotgan davlatimiz bir paqir ovqat berayotgan ekan butun boshli “bino”ga. Bu oqvatni kimga yetkazishga sanitarkalar hayratda”, deydi murojaatchi.
U so‘zida davom etarkan, amaldorlardan yuqoridagilar bo‘yicha hisobot berishini talab qiladi.
“Men hech biringizdan qo‘rqmayman. Uzr ham so‘rab chiqmayman. Men Cho‘lpon yurtidanman”, deydi murojaat egasi.
U, shuningdek, yonidagi koyka bo‘shligini ko‘rsatadi va qabulxonaga murojaat qilayotganlar joy yo‘qligi vaji bilan qaytarib yuborilayotganini aytadi.
“Prezident ishongan odam senmi, Alisher Shodmonov? Nimaga nazorat qilmayapsan bularni? Kim nazorat qilishi kerak bularni?”, deydi Qobiljon Abdusattorov.
U so‘zi yakunida amaldorlardan qo‘rqmasligini alohida urg‘ulaydi.
Mazkur videomurojaat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Bosh prokuratura Matbuot xizmatining rasmiy bayonotida qayd etilishicha, mazkur murojaatda bayon qilingan holatlar yuzasidan Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan.
Natijasi haqida qo‘shimcha ravishda xabar beriladi.
LiveBarchasi