“Shifokor”larimiz ta’magirlikdan qoniqmay, chaqaloqlarni pullayapti – Yo‘ldoshev (video)

Jamiyat

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiya shu qadar ildiz otib ketganki, u homilador ayolni ro‘yxatga olishdan boshlab, to bolani oyoqqa qo‘ygungacha davom etmoqda. Bu haqda bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida o‘tgan yig‘ilishda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi. 

“Reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilish – davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani soha mutasaddilariga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Afsuski, ushbu yo‘nalishlarda ham korrupsiya “palak” otib, bu illat homilador ayolni ro‘yxatga olishdan boshlab, farzand tug‘ilib, uni oyoqqa qo‘ygungacha ko‘rsatiladigan barcha tibbiy xizmat jarayonlarini keng qamrab olgan.

Bu sohada faoliyat olib borayotgan 69 nafar tibbiyot xodimi ta’magirlik va boshqa suiste’molchiliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilganligi shundan dalolat beradi”, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Bosh prokurorning qayd etishicha, Toshkent shahar Bektemir tuman markaziy poliklinikasi shifokori homilador I.ni dispanser ro‘yxatiga  kiritish uchun 150 ming so‘m, R.ni dispanser nazoratiga olish evaziga 350 ming so‘m olganligi uchun javobgarlikka tortilgan.

Samarqand viloyati Perinatal markazi shifokori fuqaro Sh.ni jarrohlik yo‘li bilan tug‘dirish evaziga 500 ming so‘m talab qilib olganda ushlangan.

Toshkent shahar 4-sonli tug‘ruqxona shifokori esa, 300 dollar pora evaziga fuqaro X.ning 14 haftalik homilasini abort qilish yo‘li bilan olib tashlagan. 

Bosh prokuror so‘zida davom etarkan, ayrim shifokoklar ta’magirlik va poraxo‘rlikdan qoniqmay, endi chaqaloqlarni sotishdek jirkanch jinoyatlarga qo‘l urmoqda. Yo‘ldoshev o‘z fikrlarini aniq dalillar bilan to‘ldirdi. 

“Ahvol shu darajada ayanchliki, “shifokorlarimiz” bu kabi ta’magirliklardan ham qoniqmasdan, hatto, go‘daklarni pullashgacha bo‘lgan qabihlikka qo‘l urmoqda. 

Misol uchun, Yangiyo‘l tuman tug‘ruqxonasi shifokori Hamroyev fuqaro Ergashevaga uning chaqalog‘i go‘yoki vafot etganini aytib, norasida go‘dakni boshqa bir fuqaroga 100 dollarga sotib yuborgan.

Baxmal tumanida tug‘ruq bo‘limi mudiri Ummatov homilador fuqaro Tursunovaning nikohsiz tug‘ilgan farzandidan voz kechmoqchiligini bilib, go‘dakni tanishi Norboyevga 3 millionga sotgan. Albatta, bir jirkanch jinoyatlarga qo‘l urgan tibbiyot xodimlari javobgarlikka tortildi. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: shifokorlarning bu qadar tubanlikka berilishi sabablarini vazirlik o‘rganganmi? Qachon bu holatlarga chek qo‘yiladi? Aslida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar , mavjud muammolarning bir uchi bu kabi suiiste’molchiliklarga borib taqalmaydimi?”, deb Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga yuzlandi Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev. 


Maqola muallifi

Teglar

Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

196

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing