Nihoyat bizni eshitishdi – Zelenskiy niyatiga yetgani uchun sheriklariga minnatdorlik bildirdi

Olam

image

Prezident Vladimir Zelenskiy xorijiy hamkorlarga Ukraina so‘ragan qurol-yarog‘ yetkazib berilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u kecha, 22 aprel kuni kechki videomurojaatida aytdi.

Prezident harbiylarni barcha zarur qurol-yarog‘lar bilan ta’minlashga har kuni maksimal darajada e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan. U bu davlat oldidagi birinchi raqamli vazifa ekanini qo‘shimcha qilgan.

“Va nihoyat bizni eshitgan barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman. Aynan biz so‘ragan narsamizni berdilar. Chunki biz bu qurollar yordamida minglab odamlarning hayotini saqlab qolishimizni aniq bilamiz. Va biz bosqinchilarga ular Ukrainani tark etishga majbur bo‘ladigan kun yaqinlashayotganin ko‘rsata olamiz”, degan Prezident.

Uning qayd etishicha, mamlakat Qurolli kuchlari rossiyalik bosqinchilarning Ukraina sharqi va janubidagi hujumlarini to‘xtatishda davom etmoqda. 

“Izyum yo‘nalishi, Donbass, Azov viloyati, Mariupol, Xerson viloyati - bu urush taqdiri va davlatimiz kelajagi hal qilinadigan joylar”, degan Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Slavyansk, Kramatorsk, umuman Donetsk viloyati, Popasna va umuman Lugansk viloyati, Xarkov, uning atrofidagi hududlarda bosqinchilar “asl maqsadni amalga oshirishga – imkon boricha ko‘proq odamni o‘ldirishga va ko‘rgan narsasini yo‘q qilishga urinmoqda”.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

200

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing