Nega Firdavs Abduxoliqov arzimagan jarima bilan qutildi? Aksilkorrupsiya agentligi tushuntirish berdi

Intervyu

Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov korrupsion holatni sodir etgani uchun emas, balki davlat tomonidan kino sohasiga ajratilgan xaridlarni amalga oshirishda, ya’ni tanlovni e’lon qilishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun jarimaga tortilgan. Bu haqda bugun, 10 mart kuni  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining jamoatchilik oldidagi hisoboti yuzasidan o‘tkazilgan anjumanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga ma’lum qildi. 

Jurnalist Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovdan 500 ming pora olgan o‘qituvchilar besh yilga qamalayotgan bir paytda, qariyb 2 milliard so‘mni o‘zining farzandlariga tegishli bo‘lgan telekanalga o‘tkazib yuborgan Kinematografiya agentligining bosh direktori Firdavs Abduholiqovga arzimagan jarima belgilanganiga munosabatini so‘radi. 

“Men bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman. Kinematografiya agentligi masalasida “Nima uchun ma’muriy javobgarlik, kichkina pul bilan jinoiy javobgarlik? Qamalganlar ham bo‘lgan”, deb ko‘plab muhokamalar bo‘ldi. Bir narsani aytish kerakki, bu yerda davlat mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgan yoki davlat mablag‘ining kimningdir kissasiga ketgan holati yo‘q. Bu yerda xaridlarni amalga oshirishda, ya’ni tanlovni e’lon qilishda manfaatlar to‘qnashuvi borligi to‘g‘risida xabar qilmaganligi haqida gap ketyapti. Ajratilgan pullar qonuniy ishlatilgan. Ya’ni u pullarni noqonuniy sarflash holati bo‘lmagan. Berilgan buyurtma asosida material tayyorlab berilgan. Pullar to‘g‘ri sarflangan. Gap shu haqda ketyapti. Bu yerda aynan manfaatlar to‘qnashuvi borligi to‘g‘risida o‘zini chetlashtirmagani holati bo‘yicha ma’muriy javobgarlik berilgan. Ya’ni shuncha pulni kimdir yeb yuborib, davlat byudjeti talan-toroj qilingani holati emas. Shuni e’tiborga olishingizni so‘rab qolar edik. Prokuratura idoralari tomonidan o‘rganilganda, bu mablag‘lar talan-toroj qilinmagani, agarda talon-toroj qilinganida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortilar edi”, deydi Burhonov 

"Sabriya" mashmashasi

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qilgan edi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.

Keyinroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochgani ma’lum qilindi

Sud qaroriga ko‘ra, Firdavs Abduxoliqov  Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8-moddasi (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 4-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Akmal Burhonov Firdavs Abduholiqov korruptsion holat Sabriya

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made