Korrupsion jinoyat qilgan 566 kishi davlat ishiga qaytib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan

Jamiyat

image

O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlarni sodir etgan 566 nafar shaxs 2023 yilda davlat xizmatiga qayta qabul qilingan va yana korrupsiyaga qo‘l urgan. Bu haqda deputat Umida Rahmonova Qonunchilik palatasining bugun, 10 sentyabr kungi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Deputat yig‘ilishda hisobot bergan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovdan reyestr qachon ishga tushishini so‘radi. U bunday holat korrupsion jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq reyestri haligacha tashkil etilmaganining oqibati ekanini bildirgan.

Burhonovga ko‘ra, dastlabki qonun loyihasi 2022 yil boshida ishlab chiqilib, o‘tgan vaqt davomida vazirlik-idoralar bilan kelishilgan va joriy yil boshida Prezident administratsiyasiga kiritilgan.

“Lekin administratsiya tomonidan bir qator e’tirozlar bo‘ldi, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifa yuklatilgan edi. Biz vazifalardan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirdik. Shu kunlarda yana bir marta oxirgi versiyasini Prezident administratsiyasi orqali Qonunchilik palatasiga kiritishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning e’tiboringizga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz”, degan u.

Ma’lumot uchun, korrupsionerlarning ochiq elektron reyestrini yuritish 2021 yil iyul 6 iyuldagi Prezident farmonida belgilangan edi. Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrgacha tegishli qonun loyihasi Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilari daromadlari va mol-mulki deklaratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Biroq davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash haqidagi qonun loyihasi ham bir necha yildan beri kechikmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya deputat Akmal Burhonov Umida Rahmonova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing