Nazarboyevning singlisiga qarashli kompaniya kontrabandada gumonlanmoqda 

Olam

image

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi respublika sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning singlisiga tegishli “Group Of The Companies Tda”da kompaniyasining yukini ko‘zdan kechirish chog‘ida deklaratsiyadan o‘tkazilmagan tovarlar borligini aniqladi. Bu haqda “Interfaks” bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. 

“Group Of The Companies Tda” MCHJda yukini tekshirish chog‘ida 287 million tenge (647 ming dollardan ortiq) qiymatidagi deklaratsiyalanmagan tovarlar aniqlandi. Kompaniya direktori hibsga olindi”, deyiladi xabarda.

Davlat reyestriga ko‘ra, “Group Of The Companies Tda” MCHJ ta’sischilari Anipa Nazarboyeva (Nursulton Nazarboyevning singlisi) va Ali Klishpayevdir.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tomonidan bojxona hududida tekshiruv o‘tkazilib, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash va tovarlarni soxta deklaratsiyalash faktlari aniqlangan. Respublikaga 165 milliard tenge miqdorida zarar yetgan. Qayd etilishicha, faqat Xitoy bilan chegaradosh bojxona postlarida tovarlarni soxta deklaratsiya qilishning 367 ta holati aniqlangan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, vakolatli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tadbirkorlarni soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida so‘nggi ikki yil davomida 221 milliard tengelik hisobvaraq-fakturalarni soxtalashtirishgan. 6 oylik tekshiruvlar davomida 800 million tengega kontrabanda bo‘yicha 16 ta fakt aniqlangan.

Aniqlangan barcha faktlar bo‘yicha tergovga qadar tergov harakatlari olib borilmoqda.

Nazarboyevning siyosiy intihosi

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing