Navbat mudofaa sanoatiga: AQSH Rossiyaning 22 ta korxonasiga sanksiya joriy qildi

Olam

image

AQSH Rossiyaning mudofaa majmuasiga kiruvchi 22 ta sub’ektga to‘liq bloklovchi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Cheklovchi choralar Putinning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban joriy qilinmoqda. Belarus ham o‘z hududidan qo‘shni davlatga hujum qilishda yordam bergani uchun cheklovlarga uchragan.

“Hammasi bo‘lib ro‘yxatga Rossiyaning 22 mudofaa korxonasi, jumladan, Rossiya qurolli kuchlari uchun jangovar samolyotlar, piyodalar jangovar mashinalari, elektron urush tizimlari, raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchi firmalar kiradi. Ushbu harakat qurol yaratish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Rossiya kompaniyalari uchun katta xarajatlarga sabab bo‘ladi”, deyilgan Oq uy bayonotida.

Qayd etilishicha, Savdo vazirligi Rossiya uchun belgilangan qat’iy eksport nazorati siyosatini Belarusga ham kengaytiradi.

“Ushbu harakat tovarlar, texnologiya va dasturiy ta’minotning Belarus orqali Rossiyaga yo‘naltirilishining oldini olishga yordam beradi va ikkala davlatning harbiy tajovuzkorligi va qudratini oshirish qobiliyatini sezilarli darajada kamaytiradi”, deyiladi Oq uy xabarida.

Eksport nazorati neftni qayta ishlashga ham yo‘naltiriladi. Savdo vazirligi uzoq muddatli istiqbolda Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan texnologiyalar eksportiga cheklovlar qo‘yadi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Belarus qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlarga nisbatan cheklov choralarini kiritadi. Savdo vazirligi Rossiya va Belarus xavfsizlik xizmatlarini, harbiy va mudofaa sektorlarini yoki harbiy va mudofaa tadqiqotlarini har qanday tarzda qo‘llab-quvvatlagan yuridik shaxslarni qora ro‘yxatga kiritadi.

E’lon qilingan cheklovlar Rossiya samolyotlariga AQSH havo hududidan foydalanishni taqiqlashni ham o‘z ichiga oladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing