Navalniy o‘zini zaharlashda gumonlanganlardan biri bilan bog‘landi
Olam
−
21 dekabr 2020
6729Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy CNN, “The Insider” va “Bellingcat” nashrlari o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, uni zaharlashga aloqador deb bilinayotgan shaxslardan biri bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.
14 dekabr kuni "The Insider", "Bellingcat" va "CNN" nashrlari hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruvi yakuniga ko‘ra, Navalniyning zaharlanishida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimining ham qo‘li borligini aytgandi.
Rossiya Hukumati Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha barcha ayblovlarni rad qilyapti.
Navalniyning ta’kidlashicha, ehtimoliy “FXX agent”laribilan aloqaga chiqish harakatlari qo‘shma surishtiruv natijalari e’lon qilinishidan avval boshlangan. O‘sha paytda u tergovda qatnashgan shaxslar bilan jurnalistlarning telefonlari yordamida bog‘lanishga uringan.
“Biz telefon prankerlari tomonidan telefon raqamini yashirish uchun ishlatiladigan eng sodda dasturni oldik va mening raqamim o‘rniga boshqa raqamni qo‘ydik”, degan muxolifatchi.
Suhbat vaqtida u o‘zini Xavfsizlik kengashi kotibining yordamchisi Maksim Sergeyevich Ustinov deb tanishtirgan hamda Omsk va Tomskdagi hodisalar bo‘yicha rahbariyatga hisobot tayyorlayotganini aytgan.
Navalniyning ta’kidlashicha, u qo‘ng‘iroq qilgan barcha tezda aloqani uzib qo‘ygan. U faqatgina Konstantin Kudryatsev bilan muloqot qila olgan.
Suhbat vaqtida FSB xodimi iz qoldirmaslik uchun Navalniyning ichki kiyimlarning ichki qismiga “ishlov berishganini” aytgan. Muxolifatchi qanday qilib tirik qolgani haqidagi savolga, Navalniyning suhbatdoshi “vaziyatning borishi”, deb javob bergan. U tez yordam shifokorlarining harakati va samolyotning favqulodda qo‘ndirilishini nazarda tutgan.
Xavfsizlik kengashi apparati RBKga ularda Maksim Sergeyevich Ustinov degan odam ishlamasligini aytgan. Shuningdek, ular hozircha Navalniy e’lon qilgan suhbat audiosi bilan tanishmaganini aytishgan.
Eslatib o‘tamiz, muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.
Ular Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.
14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafas oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida.
Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.
Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.
Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.
Rossiya zaharlanishni inkor qilib turgan bir vaqtda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti mutaxassislari rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning qonida zaharli modda borligini tasdiqladi.
LiveBarchasi