Namoyishlarga sabab bo‘lgan qonun loyihasi parlamentda rad etildi
Olam
−
10 mart 2023
6712Bugun, 10 mart kuni Gruziya parlamenti a’zolari mamlakatda keskin noroziliklarga sabab bo‘lgan “Xorijiy ta’sir agentlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda rad etdi. Bu haqda qonun chiqaruvchi organ saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi qabul qilinishiga 35 nafar deputat qarshi ovoz bergan. Parlament spikeri Shalva Papuashvili ovoz berish natijalarini e’lon qilib, hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytgan.
Parlament yig‘ilishi bilan parallel ravishda parlament binosi yaqinida miting bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar deputatlarning ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan qonun loyihasini rad etish qarorini olqishlagan.
Bundan oldin, iqtidordagi “Gruziya orzusi” partiyasi fraksiyasi rahbari Mamuka Mdinaradze yig‘ilishda parlamentdagi ko‘pchilik ikkinchi o‘qishda xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi ovoz berishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilayotganda deputatlar mushtlashib ketgan edi. Keyinchalik qonun parlament muhokamasidan o‘tgach, ko‘plab fuqarolar namoyishga chiqqan edi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatib yuborishga uringandi. “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi namoyishlar fonida parlamentdan chet el agentlari haqidagi qonun loyihasini chaqirib olishga qaror qilgandi. Biroq bunga qaramasdan, muxolifat namoyishlarni davom ettirishga chaqirgan edi.
LiveBarchasi