Nafaqat Ukraina... Putin Xavfsizlik kengashida yangi xavflarni muhokama qildi

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 13 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari uchrashdi. U yig‘ilishda Ukrainadagi vaziyat, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar va boshqa masalalarni muhokama qildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

“Mudofaa vaziri Shoygu dolzarb masalalar bilan bir qatorda yig‘ilish ishtirokchilariga maxsus harbiy operatsiyaning borishi haqida ma’lumot berdi”, deydi Kreml matbuot kotibi.

Uchrashuvda, shuningdek kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilingan.

Uchrashuvda Shoygudan tashqari Bosh vazir Mixail Mishustin, Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, Kreml ma’muriyati rahbari Anton Vayno, Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin va Prezidentning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiya va transport bo‘yicha maxsus vakili Sergey Ivanov ishtirok etdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

65

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing