Lavrov Moskva Kiyevga qanday talab va takliflar qo‘yganini ma’lum qildi

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina bo‘yicha Antaliyada bo‘lib o‘tgan uch tomonlama yig‘ilish doirasida Rossiya tomoni Kiyevga qarama-qarshiliklarni hal qilish bo‘yicha aniq takliflar taqdim etganini va Kiyev “Rossiya loyihasini inobatga olgani va javobini berishini” aytdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

“Bugun muzokaralar jarayonidan boshqa muqobil yo‘qligi ayon bo‘ldi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda hech kim o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olmoqchi emasdi”, degan u muzokaralardan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Ukrainada kundalik gumanitar yo‘laklarni ochish tashabbusi o‘z kuchida qolmoqda.

“Rossiya Ukrainaning “neytral” maqomga ega bo‘lishi tarafdori. Biz NATOning kengayishiga qarshimiz, lekin Ukraina xavfsizligini ta’minlash zarurligini rad etmaymiz. G‘arb Ukrainadan faqatgina Kiyev doim Rossiyaga qarshi harakat qilishini xohlaydi. Rossiya Federatsiyasi Ukrainani qurolsizlantirilgan, do‘stona, rus tili taqiqlanmagan holda ko‘rishni istaydi”, degan rossiyalik vazir.

Avvalroq, bugun, 10 mart kuni Antaliya shahrida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li o‘rtasida uchrashuv boshlangani haqida xabar bergandik. 

Bu ikki davlat TIV rahbarlarining Ukrainada Rossiya Qurolli kuchlari harbiy harakatlar boshlaganidan keyin o‘tkazayotgan ilk muzokarasi.

Kuleba uchrashuvdan keyin 24 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmaganini, ammo Ukraina yana shunday formatdagi uchrashuvdan bosh tortmasligini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing