Mirziyoyev To‘qayevni qo‘llaydi. Prezidentlar qo‘ng‘iroqlashdi

Jamiyat

image

Bugun, 20 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, tovar ayirboshlash ortayotgani va kooperatsiya aloqalari kuchayib borayotgani, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan savdo va logistika, mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sohalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari Qozog‘iston Prezidenti tomonidan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Telefon orqali muloqot har doimgidek, ochiq, amaliy va do‘stona ruhda o‘tgan.

Ma’lumot uchun, ikki davlat rahbarlari joriy yilning 10 yanvar kuni ham muloqot o‘tkazgandi. Unda Prezident To‘qayev Qozog‘iston Respublikasidagi joriy holat hamda mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot bergandi.

Qozog‘istonda namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi.

Hozirgacha BelarusArmaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

19

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing