Mirzayev ishi: Toshkent va Anqaradagi elchixonalar Nodira Qodirova masalasidek sukut saqlamoqda
Jamiyat
−
21 dekabr 2020
13795Xabaringiz bor, o‘tgan haftada o‘zbekistonlik taniqli jurnalist, bloger Abdukarim Mirzayev Turkiyaning Istanbul shahrida hibsga olinib, uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi
Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev joriy yilning 11 dekabr kuni hibsga olingani, allaqachon uni deportatsiya qilish haqidagi qaror qabul qilingani va bu haqdagi xabarlar o‘tgan hafta yakunida OAVda tarqaganiga qaramay, hamon Toshkent va Anqara rasmiylari bu vaziyat va Mirzayevning hozirgi holati, u qayerda saqlanayotgani haqida rasmiy bayonot bergani yo‘q.
QALAMPIR.UZ jurnalistning hibslanishi bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Turkiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi bilan bog‘landi. 19 dekabrdan buyon davom etayotgan muloqotlardan foyda bo‘lganicha yo‘q. Elchixona Abdukarim Mirzayevning holati haqida rasmiy ma’lumot bermayapti. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi ham sukut saqlamoqda. Vazirlik vakilining telefon orqali QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bildirishicha, O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulligi jurnalist Abdukarim Mirzayevning yaqinlari va advokati bilan muloqot o‘rnatgan. Biroq, bu haqda Konsullik-huquqiy departamentidan ham, O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasidan ham rasmiy bayonot berilgani yo‘q.
Toshkentga ko‘ra, Abdukarim Mirzayevning Turkiyada hibslanishi O‘zbekistonning so‘rovi asosida bo‘lmagan. Bosh prokuratura Mirzayev qidiruvga berilmagani va unga nisbatan hech qanday jinoiy ish mavjud emasligini aytmoqda.
TIV joriy yilning 19 dekabr kuni QALAMPIR.UZ bilan muloqotda hozirda ish o‘rganilayotgani va tez orada rasmiy bayonot berilishini va’da qilgandi. Hozircha kutyapmiz.
Ma’lumot o‘rnida, bundan bir necha kun oldin Turkiyaga yo‘l olgan jurnalist va bloger Davronbek Tojaliyev ham Istanbul aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi. Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakilining so‘zlariga qaraganda, Tojaliyevning deportatsiya qilinishi uning 2018 yilda Turkiyada qolish qoidalarini buzgani bilan bog‘liq.
Abdukarim Mirzayev esa shubhali shaxslar bilan telefon orqali muloqotda bo‘lganlikda gumonlanib, hibslangan. Bu orada shubha-gumonlar tasdig‘ini topmadi. Bu haqda uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini yurituvchi ma’mur xabar qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik 23 yashar qiz – Nodira Qodirova Turkiya Buyuk Millat Majlisining hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan deputati Shirin Unalning uyida o‘lik holda topilgan edi. Oradan bir yildan oshiq vaqt o‘tsa hamki, Nodira Qodirovaning o‘limi sabablariga oydinlik kiritilgani yo‘q. Toshkent va Anqaradagi elchixonalar bu mavzu haqida so‘z ochmaganiga ancha bo‘ldi.
LiveBarchasi