O‘zbekistonlik migrantlar himoyasiz o‘lib ketaveradimi?
Intervyu
−
03 fevral 2022
13806Bugun tuhmat qurboni bo‘layotgan, o‘zi qilmagan jinoyatda ayblanayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari talaygina. Ular yemagan somsasiga pul to‘layapti. Sababi o‘zga yurtda himoyasiz. Afsuski, migrantlarning huquqlarini himoya qilish borasidagi bugungi vaziyat qoniqarli emas. Bu haqda QALAMPIR.UZ rahbari – Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi Ekspertlar kengashi a’zosi Qamariddin Shayxov qo‘mita yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Axborot sohasida muhim va butun millat, mamlakatning obro‘siga xorijiy miqyosda ta’sir ko‘rsatadigan bir holat bor: ko‘pincha xorijiy OAVda o‘zbekistonlik fuqaro falon mamlakatda og‘ir jinoyat sodir etgani haqida xabar tarqaladi. Hali sud qarori bilan o‘sha fuqaroning aybi tasdiqlanmay turib, OAV tarqatgan xabar orqali ijtimoiy tarmoqda qoralov aksiyasi boshlanadi. Keyin o‘sha jinoyatni boshqa odam sodir etgani isbotlansa-da, o‘zbekning nomi yomonotliq bo‘lib qolaveradi. Go‘yoki, loyni ot, o‘zi qolmasa ham izi qoladi degandek”, deydi Qamariddin Shayxov.
Jurnalist so‘zida davom etarkan, bugun xorijdagi ko‘plab migrantlar himoyasiz qolib ketayotganini urg‘ulaydi. U gaplariga misol tariqasi 2019 yilning 23 sentyabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida Parlament deputati Shirin Unalning uyida ishlagan 23 yashar o‘zbekistonlik qiz Nodira Qodirovaning fojiali va sirli o‘limini yodga oldi. Uning ta’kidlashicha, hamon ushbu sirli o‘lim tafsilotlari ochiqlanmagan. Qodirovaning o‘z joniga qasd qilgani esa shubhali.
“Qizning akasi yoki qarindoshlarining qancha bong urishiga qaramay, sirli o‘lim tafsilotlari haligacha yopiqligicha qoldi. Aynan shu jarayonda QALAMPIR.UZ Bosh prokuraturaga ham murojaat qilgan.
Prokuratura va Ichki Ishlar idoralarining o‘zaro hamkorligi faqat bir memorandum asosida emas, balki mana shunday jinoyatlarni fosh etishda ham bo‘lishi kerak. Chunki u bizning fuqaromiz va bu yerda uning beayb to‘kilayotgan qoni turibdi. Chetga ketgan inson o‘lib ketaveradimi?. “Nima bo‘ldi”, deb so‘ralsa, “mashina urib ketibdi, o‘zini o‘zi otib qo‘yibdi”, deb qutulishadi. Albatta, bundan osoni yo‘q”, deydi Shayxov.
Shuningdek, QALAMPIR.UZ rahbari so‘zi davomida taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayevning 2020 yilda Turkiyaga ketib, besabab qamab qo‘yilgani va shunchaki chiqarib yuborilib, hech qanday izoh berilmagani haqida gapirdi:
“O‘zimizning jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada hech bir sababsiz qamab qo‘yildi. O‘zbekistonda ham bu haqida bong urildi. Abdukarim necha kunlab qamoqda yotdi. Oxirida esa, hech qanday izohsiz qamoqdan chiqarib yuborildi. Bu holatlar odamlarda turlicha taassurot uyg‘otdi. “Demak, o‘zida ham bir ayb bordir-da”, deb gapirganlar ham topildi”.
Jurnalistning ta’kidlashicha, xorijdagi o‘zbekistonlik migrantlarning sud qarorisiz jinoyatda ayblanishi nafaqat o‘sha shaxsning o‘ziga, balki butun mamlakatning imidjiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, hatto, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga nisbatan ishonchsizlikni paydo qilib, ularning ish topishlarini qiyinlashtirmoqda. Shayxovga ko‘ra, bunda eng asosiy muammo ularga to‘lanadigan maosh bilan bog‘liq. Uning ta’kidlashicha, 2015 yilda Moskvada o‘zbekistonlik enaga bilan sodir bo‘lgan mudhish holat Rossiyada o‘zbekistonlik enagalarga to‘lanadigan narxning keskin pasayishiga olib kelgan. Ko‘pchilik oilalar esa o‘zbekistonlik ayollarni uy ishlari va enagalikka qabul qilmay qo‘ygan.
“Men aniq eslayman, 2016 yilda Rossiyada ayol kishi tomonidan juda mudhish jinoyat sodir etildi. O‘sha vaqtda bir ayol (Gulchehra Boboqulova – tahr.) o‘zi enagalik qilayotgan bolaning boshini olib, metro bekati atrofiga chiqib, ko‘tarib yurgan. O‘sha ayolni ham terrorchilik harakatlari a’zosi deyishdi. U ayolning O‘zbekiston fuqarosi ekani aytildi. Ammo, bu jinoyatning to‘liq tafsilotlari ochilmadi. “Voqea qanday sodir bo‘lgan yoki buning buyurtmachisi kim?” degan savollar javobsiz qoldi. Bu holat O‘zbekistondan boshqa davlatga borib ishlayotgan ayollarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu ta’sir nafaqat psixologik, balki moddiy tomonlama ham bo‘lgan edi.
Qani endi ayting, jinoyatchilikda nohaq ayblanayotgan yoki yaqinlari jinoyat qurboni bo‘lganlar qaysi eshikka boshini ursin? Elchixona yoki konsullikka degan javoblardan qoniqmaymiz. Odamlar muammosiga yechim qidirib, eshik qoqib borganida, elchixonaning eshigi ochilmagan va konsullik javob bermagan holatlar juda ko‘p bo‘lgan. Biz bu huquqiy masalalarni qachon ko‘rib chiqamiz? Qachon chet davlatdagi O‘zbekiston fuqarolari besabab jinoiy javobgarlikka tortilganida o‘z Vatanidan ishonchli yordam olishi mumkin bo‘ladi?”, degan savolni ilgari surdi jurnalist.
Qamariddin Shayxov xorijda 2 mlndan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari borligini urg‘ulab, ular bilan bog‘liq jinoiy xabarlarga doim ham ishonib qolish noto‘g‘ri ekanini aytdi.
“Bir mamlakatning huquq-tartibot idorasi yoki Bosh prokurorning o‘zi aytib turibdi-ku degani, bu aniq haqiqat emas. Balki, ular o‘sha mamlakatga alam yuzasidan yoki davlatning imidjini tushirish uchun shunday og‘ir ayblovni qo‘yayotgandir. Bu ishlarni ochishda O‘zbekiston IIV va prokuratura organlari ham ishtirok etsa, yaxshi bo‘lar edi. Ular xorijdagi migrantlarning birortasi jinoyatchilikka aralashib qolganida, ish xolis o‘rganilishini nazorat qilishi va fuqarolarimizni himoyaga olishi kerak.
O‘zbekistonliklar bilan bog‘liq jinoyatlar haqida bilib-bilmay tarqatilayotgan xabarlar ularga jinoyatchidek qarashning kuchayishiga olib kelmoqda. Axir O‘zbekiston jinoyatchilar fabrikasi emas-ku”, deydi QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov.
Yig‘ilishda Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev ushbu masala qo‘mita va Senat tomonidan atroflicha o‘rganilib, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga so‘rov yuborilishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi