“Bo‘g‘ilayotgan” Toshkent, ekologiya tashvishi, kambag‘allari kamaygan O‘zbekiston, qadamida pultopar hokim – Hafta tahlili

Tahlil

Og‘ir haftaga yakun yasayapmiz. Toza havoning, to‘yib nafas olishning qadri yanada bilingan hafta. Nafaqat Toshkent, balki O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham shu ahvol. O‘zgidromet zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikni, niqob taqishni va sog‘liqqa e’tiborli bo‘lishni bot-bot tavsiya qilayotgan ushbu haftada poytaxt Toshkent havo iflosligi bo‘yicha yana antirekord o‘rnatdi. Garchi O‘zgidromet hafta boshida havodagi PM 2,5 zarrachalarining me’yordan oshiq bo‘lishi hafta davomida saqlanib qolishini e’lon qilib, odamlarni ogohlantirgan bo‘lsa-da, jamoatchilikning havo sifatidan e’tirozlari ortgandan ortdi. Ular orasida, albatta, bir kun bo‘lsa ham avtomobil o‘rniga piyoda yoki velosipedda harakatlanishni o‘ziga ep ko‘rmaydiganlar, qurilishini to‘xtatib turishga aqalli bir hafta rozi bo‘lmaydigan daraxt kushandalari, tog‘-u dashtga chiqqanda atrofni chiqindiga to‘ldiradigan, keyin tabiatni asrash haqida va’z o‘qiydiganlar ham bor. 

Mas’ullar tilga kirdi: Toshkentda “changlanish” yana qancha davom etadi?

Toshkentning yuzi aytilganidek nafratdan xira tortayotgani yo‘q. Haqiqatan ham havo sifati yomon. Shu bois ham Toshkent shahar hokimligi changga qarshi vaqtinchalik chora sifatida poytaxt ko‘chalari va yashil hududlarga suv sepishni boshladi. 

“Shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri – yo‘l qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlash hisoblanadi. Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan davrlarda qo‘llaniladi”, deya izohladi hokimlik o‘zi qo‘llagan chorani.

Qolaversa, hokimlik allaqachon bu yilgi favvoralar mavsumi tugagan bo‘lishiga qaramay, shahardagi barcha favvoralar hamda mikroiqlim qurilmalarini ishga tushirdi. 

Hokimlikka ko‘ra, avtomobillar harakatlanayotganida yo‘l yuzasidagi quruq chang doim ko‘tarilib turishi hisobiga havodagi PM zarrachalari 25-40 foizga ortadi. 

“Shu bilan birga, yo‘llarga suv sepish va yashil zonalarning sug‘orilishi haroratni pasaytiradi. Yuqori haroratda chang havoda uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy reaksiyalari tezlashadi. Namlash esa bu jarayonni sekinlashtiradi va zarrachalarning tezroq cho‘kishini ta’minlaydi”, deydi hokimlik. 

Shu kunlarda ekologlar, mutaxassislar, faollar va jamoatchilik Toshkent havosining buzilishini sovuq tushishi bilan issiqlik stansiyalari mazutdan foydalanishi, issiqxona gazlari, avtomobillardan chiqadigan zaharli ajralmalar, shahar bo‘ylab tinimsiz davom etayotgan qurilishlar, infratuzilmaning tabiat bilan kelishilmagan holda amalga oshirilishi, oqibatda Toshkentda havo aylanmasligi va hatto qo‘shni Toshkent viloyatiga yaqin qo‘shni mamlakatlar hududlaridagi issiqxonadan chiqayotgan zaharli moddalarning shamol oqimi bilan Toshkentga kirib kelishi kabi unsurlarga bog‘lab kelmoqda.

Vaziyat jiddiy tus olgan 21 noyabr kuni “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mazut yoqishdan butkul voz kechganini e’lon qilib chiqdi. Qayd etilishicha, korxona mazut o‘rniga elektr va tabiiy gazdan foydalanmoqda. Umuman, 2024 yildan buyon “Issiqlik elektr stansiyalari”da atrof-muhitga chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar 200 tonnaga kamaygan.

Hafta oxirlaganida Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori Sherzod Xabibullayev murojaat bilan chiqib, Toshkentda havo ifloslanishi sabablarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Keskin harorat almashishi va inversiya, yog‘ingarchilikning yo‘qligi, arid, ya’ni qurg‘oqchilikning kuchayishi va tabiiy changlanish havo ifloslanishining asosiy omillari bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston havosining bosh analizatori so‘zlariga ko‘ra, havodagi hozirgi holat 24 noyabrigacha davom etishi mumkin va o‘sha kungacha mayda zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy hol. 

Ob-havo mas’ulining aytishicha, bu jarayon nafaqat Toshkent, balki Olmaota, Bishkek, Dushanbe kabi qo‘shni respublikalar shaharlariga ham begona emas va u odatda noyabr-fevral oylarida kuzatiladi.

Prezident daraxtlar taqdirini xalq qo‘liga topshiryapti

Bu hafta jamoatchilik, ekofaollar va jurnalistlar ekologiya borasidagi tashvishlari Prezidentgacha yetib bordi va davlat rahbari bir emas, naq ikki muhim hujjatni imzoladi. 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon va “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror jamoatchilikning yutug‘i va Prezidentning ekologiya borasida qattiq tashvishdaligi in’ikosi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Qisqa va lo‘nda qilib aytganda, havoni ertagayoq changyutgich bilan tozalib qo‘yishning imkoni yo‘q. Dod-faryod qilingani bilan ham biror narsa o‘zgarib qolmaydi, albatta, bunda jamoatchilik va faollar, mutaxassislarning konstruktiv tanqidlariga o‘rin hamisha bor. Shu bois ham davlat rahbari ikki hujjat bilan “arrani oldi, qaychini o‘tmas qilyapti”. Bosh ekolog Abduhakimov endi vazir emas. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Abduhakimov rais va bir vaqtning o‘zida Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi. Endi u faqat Prezidentga hisob beradi. Boshqa hech bir mansabdor Abduhamikovni burchakka tirolmaydi, agar u vazifasini aytilganidek bajarsa, yaqinda orada Toshkentliklar haqiqiy musaffo osmonni ham ko‘ra boshlaydi. 

Nafaqat qo‘mitasi Hukumatga hisob bermaydi, balki hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi. Bundan tushunish mumkinki, endi ekologiya xodimlariga hokimlar daxl qilolmaydi.

Endilikda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi.

Eng muhimi shuki, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi – oddiy qilib aytganda Ekopolitsiya tashkil etilmoqda. Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yangi qabul qilingan hujjatlar bilan fuqarolarning vakolati ham, majburiyati ham ortmoqda. Endi mahallangizda bo‘sh turgan daraxtlari bor yer maydonlarini falonchi aka yoki pismadonchi ukaning jiyanlari egallab ololmaydi. Negaki, Prezident 2026 yil 1 apreldan boshlab, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi. Bundan tushunish mumkinki, Prezident daraxtlarni asrab qolish huquqini mutlaq xalqning qo‘liga beryapti. Daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi taqiq qo‘yishga rozilik bildirgan taqdirda, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi.

Xullas, bu masalada gapiraman, desang gap, yaxshi yangiliklar ko‘p. Faqat aytganimdek, hujjatlar tokchada qolib ketmay, ishlasa. Mas’ul etilganlar ishonchni oqlasa...

Endi bozorlarda “s’yomka” pullik bo‘ladi

Bu Toshkentning amaldagi hokimi avvalgi hokim Ortiqxo‘jayevdan ancha tadbirkorroq chiqdi-da. Yaqindagina yo‘l cheti avtomobil to‘xtashidan pul qilishni joriy qilgan hokim buva endi bozorlarda tasvirga olishdan ham pul ishlash yo‘lini o‘ylab topib, uzoq kutmay qarorni ham imzolab yubordi. 

Qarorga muvofiq endi Toshkentdagi bozorlar va savdo komplekslari hududida video suratga olmoqchi bo‘lganlar, ya’ni bozorlarda tijorat maqsadida video yoki tasvirga olishda foydalanganlar – videorolik, reklama roligi, klip yoki boshqa usulda video yoki tasvirga olish uchun bozor ma’muriyatiga soatiga 5 million so‘m to‘lab qo‘yishi kerak bo‘ladi. Bunda xorijdan kelgan turistlar va ommaviy axborot vositalari mustasno. Umurzoqovning ushbu qarori e’tirozlarga sabab bo‘lgach, odatda bunday vaziyatlarni zimdan kuzatib o‘tirishga odatlangan hokimlik tilga kirib, tushuntirish bilan chiqdi. 

“Xaridlaringizni telefonga suratga olish, oila bilan rasmga tushish, shaxsiy blog yoki storislar yuritish – bepul va ruxsat etilgan. Sayyohlar, maktab o‘quvchilari, talabalar, rasmiy OAV jurnalistlariga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmaydi. Qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni pul ishlab, daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli.

Bu muntazam ravishda reklama, integratsiya va “prosmotr”lardan pul topadigan yirik blogerlar va inflyuenserlar, kliplar, reklama roliklari, hujjatli loyihalar, seriallar yoki filmlar suratga oladigan tijorat studiyalari va media ishlab chiqarish guruhlari, o‘z tovarlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun bozor hududidan foydalanadigan kompaniyalarga taalluqli”, deyiladi poytaxt hokimligi izohida.

Hokimlikning ishontirishicha, tijorat maqsadidagi suratga olish uchun to‘lovlar rasmiy, shaffof tarzda yig‘iladi va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Mayli, tasvirga olish, aynan tijoriy maqsadda tasvirga olish pullik bo‘ldi ham deylik. Lekin hokimiyat aynan 5 million degan miqdorni qayerdan oldi. Bu miqdorning o‘zagi qayerda? U nimaga bog‘langan BHMgami yo eng kam ish haqigami? Ertaga narx oshsa, nimaga ko‘ra oshadi? O‘zi bugun bozorlarda tijoriy tasvirga olishga talab qay darajada? Aytaylik, bir oyda Toshkent bozorlarda nechta tijoriy tasvirga olish ishlari amalga oshirilgan? Bu hisobotlar haqida gapiradigan odamning o‘zi yo‘q. Bunday savollar faqat menda tug‘ilayotgani yo‘q. Iqtisodchi, Garvard biznes maktabi doktori, professor Botir Qobilov ham shu fikrda.

“Bozorlar va savdo joylarida videoga olishni taqiqlashning faqat salbiy taraflari bor,  menimcha.  Kichik kontent yaratuvchilarga 1 soat video olishga 5 million so‘rash bu mantiqsiz.  Ayniqsa, turizm va mahalliy kontent targ‘iboti kuchaytirilayotgan paytda.  Raqamli iqtisodiyot tushunchasiga zid. Xorijiy turistlarni bu o‘lpondan mustasno qilib, mahalliy aholiga to‘latishning o‘zi bir diskriminatsiya.  

Sotuvchilar va bozor uchun videolavhalar bu – bepul reklama. Yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, video olgan pul to‘lashi emas, video olganga pul to‘lanishi kerak.  Ya’ni bu bozorlarning iqtisodiy faolligiga zarar.  Bozorlar haqida qiziq va go‘zal videolavhalar internetda endi kamayadimi? Kichik tadbirkorlikka zararku bu.  Bozorda narsa sotsam, uni tarmoqda reklama qilgani video olishga soatiga 5 million to‘laymanmi?

Qoidaning o‘zi aniq emas, tijorat maqsadi nima degani? Men Chorsu bozoridagi kabobxonadan video olib ijtimoiy tarmoqqa qo‘ysam, bu tijoratmi? Axir tarmoqda monetizatsiya bor-ku?”, deydi Botir Qobilov.

Toshkent shahar hokimi tomonidan qabul qilingan qarordagi yana bir muhim jihat bozorlardagi avtoturargohlar bilan bog‘liq. Qaror bilan bozorlar avtoturargohlarida yengil avtomobillar uchun to‘lov miqdori haftaning shanba va yakshanba kunlari oshirilmoqda. Endilikda shanba va yakshanba kunlari 20 daqiqagacha 5000 ming, 40 daqiqagacha 7000, 1 soatgacha 8000, 2 soatgacha 9000, 3-4 soatgacha 25000-35000 va 4 soatdan oshganda 50000 to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Toshkentning “egalariga” ko‘ra, yangi tartib bozorlar yaqinidagi tirbandlikni kamaytirish va avtoturargohlar yuklamasini tartibga solish maqsadida qabul qilingan. 

O‘zini muxolif deb e’lon qilgan Xalq demokratik partiyasi esa Toshkentdagi avtoturargohlarning narxlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Faqat gap bozorlardagi avtoturargoh narxlari emas, balki yo‘l bo‘ylarida tashkil qilingan, to‘g‘rirog‘i chizib olingan turargohlar narxi haqida bormoqda. 

Muxolifatchilarning fikricha, soatiga 12 ming so‘mdan belgilangan avtoturargohlardan tushayotgan mablag‘lar bo‘yicha ochiqlik va hisobdorlik yetishmayapti. Bunday tizim aholining daromadlari va imkoniyatlariga mos bo‘lishi, unda odamlarning hayotiy ehtiyojlari hisobga olinishi lozim.

“Poytaxt markazi va unga yaqin hududlarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz ish vaqti davomiyligi bo‘yicha avtomobillarini 8 soat atrofida pulli to‘xtash joylarida qoldirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Demak, kunlik to‘lov 100 ming so‘m atrofida bo‘lib, oylik to‘lov mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ham ortib ketmoqda. Bu esa fuqarolarning o‘rtacha daromadlariga qanchalik to‘g‘ri kelayotgani jiddiy masalaga aylanmoqda”, deyiladi XDP murojaatida. 

XDPning talablariga ko‘ra, ommaviy foydalanishdagi xizmat uchun har qanday tarif yoki yig‘im miqdorini belgilashda aholining real daromadlari, ijtimoiy himoya darajasi va hayotiy ehtiyojlari inobatga olinishi zarur. Belgilangan tariflar iqtisodiy asoslanishi, qayta ko‘rib chiqilishi, mablag‘lar qayerga tushayotgani, ularning qanday sarflanishi haqida ma’lumotlar keng jamoatchilikka ochiqlanishi kerak. Ijtimoiy ob’ektlar oldida bepul foydalanish imkoniyatini yaratish kerak. 

Qolaversa, qator pullik to‘xtash joylari “qatnov qismida to‘xtash taqiqlanadi” belgisi o‘rnatilgan yo‘l qismlarida tashkil etilayotgani “pul to‘lansa, mumkin”, degan xulosani bermoqda. Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, to‘xtash taqiqlangan joyda to‘lovdan keyin to‘xtash mumkin bo‘layotgani tenglik tamoyillariga zid.

O‘zbek kompaniyalari AQSH, YeI, Ukraina “qora ro‘yxatiga” tushdi

AQSH Moliya vazirligining Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi O‘zbekistondagi Datavice kompaniyasi va yana bir qator tashkilotlarni Rossiyaning IT-sektori bilan aloqadorlikda ayblab, “qora ro‘yxat”ga kiritdi. 

Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan Datavice kompaniyasi 31 iyuldan buyon IT-Park rezidenti hisoblanadi. Orginfo ma’lumotlariga ko‘ra, Maksim Makarov kompaniya ta’sischisi, rahbari va bosh hisobchisi sifatida qayd etilgan. Korxonaning ustav fondi 24 million so‘m.

Sanksiya qo‘llanilgan shaxs va korxonalarning AQSH yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari bloklanadi. Ularga nisbatan har qanday moliyaviy operatsiyalar taqiqlanadi, bu talabni buzganlarga esa ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.

Yevropada ham shu ahvol. O‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minov Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketidan joy oldi. 

Mo‘minov hali ham Farg‘ona kimyo zavodini nazorat qiladi. YeI bayonotida qayd etilishicha, bu zavod Rossiya kuchlariga qurol ishlab chiqarish uchun Perm va Qozon porox zavodlariga paxta sellyulozasini yetkazib bergan.

“Rustam Mo‘minov O‘zbekistonda joylashgan Farg‘ona kimyo zavodini nazorat qiladi. Farg‘ona kimyo zavodi Perm porox zavodi va Qozon davlat porox zavodiga paxta sellyulozasini yetkazib bergan. Bu korxonalardan Rossiya Qurolli kuchlari qurol olgan. Shuning uchun Rustam Mo‘minov Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi hujjatda.

Hujjatda, Mo‘minov 1965 yilda tug‘ilgani va O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekani aytilgan.

Farg‘ona kimyo zavodi 2012 yil 3 avgustda ro‘yxatdan o‘tgan. U qog‘oz pulpa va sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning ustav kapitali 51,1 milliard so‘mni (taxminan 4 million dollar) tashkil etadi. Uning asoschisi Mercury Renaissance, direktori esa Sergey Nazirovich Sabirovdir.

Toshkentning Yakkasaroy tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat Mercury Renaissance 2016 yil 11 aprelda ro‘yxatdan o‘tgan. Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, shu yilning may oyida Rustam Rahimjonovich Mo‘minov Mercury Renaissance kompaniyasining 60 foiziga egalik qilgan.

Joriy yil may oyida Ukraina uchta o‘zbek kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi, ularni Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berishda gumon qildi. Ular orasida Xomashyo sellyuloza, Mercury Renaissance va Farg‘ona kimyo zavodi bor edi. Ukraina, shuningdek, Rustam Mo‘minovga qarshi shaxsiy sanksiyalarni joriy qilgan.

Xorijda migrantlarga kun yo‘qmi?

AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati 31 yoshli o‘zbek muhojirini O‘zbekiston so‘rovi bilan terrorchilik ishlarida aloqadorlikda gumon qilgan holda hibsga oldi.

U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 242- (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan hamda 2022 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik 2023 yilning fevralida AQSHga noqonuniy tarzda kirgan. Chegara patruli uni o‘sha paytda to‘xtatgan, keyinchalik esa qo‘yib yuborgan. So‘ngra u AQSHda ishlashga ruxsat olib, tijoriy haydovchilik guvohnomasini olgan. Joriy yilning 9 noyabr kuni u Kanzas shtatida yuk mashinasi haydovchisi sifatida ishlayotgan paytida Immigratsiya va bojxona nazorati xodimlari tomonidan ushlangan.

Hibsga olish AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati davrida immigratsiyaga oid tijoriy haydovchilik huquqlarini berishda nazoratni kuchaytirish choralari bilan bog‘liq. Ana shunday reydlarda Arizona shtatida 5 ta haydovchilik guvohnomasiga ega yana bir 29 yashar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi. U Kvarsit shahri yaqinida yuk mashinasida yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Hodisa tafsilotlari mahalliy politsiya tomonidan o‘rganilganida, o‘zbekistonlik erkakda 5 ta haydovchilik guvohnomasi borligi aniqlangan. Unga Nyu-Yorkda 2 ta, Ogayo shtatida esa 3 ta haydovchilik guvohnomasi berilgan.

Tekshiruv davomida ushbu shaxs 2023 yil aprel oyida AQSHga noqonuniy ravishda kirgani, shu yilning iyul oyida immigratsiya sudyasi uni deportatsiya qilish haqida qaror chiqargani, biroq u bunga bo‘ysunmay, mamlakatda qolgani aniqlangan. O‘zbekiston fuqarosining ishi yana ko‘rib chiqish uchun tegishli idoralarga yuborilgan.

Ayni shu haftada Rossiyadagi o‘zbekistonlik haydovchilar ham ogohlantirildi. Ogohlantirish mamlakatda milliy haydovchilik guvohnomalaridan foydalanish tartibi o‘zgarayotgani bilan bog‘liq. 

Xorijiy haydovchilik guvohnomalarini tan olish bo‘yicha Rossiya qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalari bilan Rossiya Federatsiyasi hududida transport vositalarini shaxsan boshqarish mumkin.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi hududida kasbiy faoliyatni (taksi, yuk tashish, yo‘lovchi tashish va boshqalar) amalga oshirish uchun Rossiya haydovchilik guvohnomasini olish zarur, bu esa xorijlik haydovchilarni belgilangan tartibdan o‘tishini talab qiladi.

Shuningdek, shu haftada Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorati ostidagi shaxslar reyestridan 160 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi nomi o‘chirilgani e’lon qilindi. Ularning 70 mingdan ortig‘i migratsiya organlarida huquqiy maqomini tartibga solgani, qolganlari esa Rossiyadan belgilangan muddatlarda chiqib ketgani yoki boshqa sabablarga ko‘ra chiqarilgan.

O‘zbekiston uchun migratsiya birinchi ma’muriyat davridagidek uyatli holat emas. Integratsiya mamlakat iqtisodiyotining asosiy drayveriga aylangan. Hukumat migrantlar hayotini yaxshilash, ularning ish topishini osonlashtirish va qonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishini ta’minlash dardida va lokatsiya avvalgidek shimol bilan cheklanmaydi. O‘zbekistonliklar uchun ko‘zlangan manzil – Yevropa. Tugayotgan haftada Prezident huzuridagi ushbu masala keng muhokama qilinib, Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emasligi qayd etildi. Davlat rahbari tomonidan Yevropa davlatlari bilan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi. Prezident Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2016 yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025 yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetgan.

Kelasi yil nogironligi bo‘lgan 40 ming odam ishli bo‘ladi

O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon ishsizlik 4,9 foizga tushdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 5,5 foiz edi. Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, “tabiiy ishsizlik” darajasiga ilk bor yaqinlashgan. Bu haqda 19 noyabr kuni Prezident raisligida o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Bildirilishicha, ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqqan. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 8,9 foiz bo‘lgan.

Sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskent tumanlarida kambag‘al oilalar soni 4,5 barobargacha kamaygan. Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshlagan, kambag‘al oilalarning o‘rtacha daromadi yil boshiga nisbatan 2 barobarga oshgan.

Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangan. Yig‘ilishda aholi daromadini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar va 2026 yildagi vazifalar muhokama qilinar ekan, davlat rahbari Qashqadaryoning Chiroqchi va Surxondaryoning Denov tumanlari hokimlari faoliyatidan qoniqmayotganini bildirdi.

Yig‘ilishda ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani tanqid qilindi. Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta – Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga chora ko‘rish topshirildi. 

Yig‘ilishda kelasi yildan “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasi orqali nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish rejalashtirilmoqda. Bandlik jamg‘armasidan ularga 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. 

Kambag‘allikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlab qolinadi. Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettiriladi, bog‘cha va to‘garak xarajatini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoni beriladi.  

Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyat sababli kambag‘allikka tushib qolishi xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.  

Bu vazifalar ustidan nazorat hamda viloyat hokimlari bilan uning ijrosini tashkil qilish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.

Shuningdek, tugayotgan haftada ikki yildan ortiq Soliq qo‘mitasini boshqarib kelayotgan Sherzod Qudbiyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi va o‘sha kunning Prezident farmoni bilan yangi tashkil etilgan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Soliq qo‘mitasida undan bo‘shagan kursini esa 3 yarim yildan ortiq Kadastr agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Farrux Po‘latov egalladi. U avval prokuratura organlarida faoliyat yoritgan. 

O‘zbekiston televideniyesi faxriysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi muallifi Mirabbos Mirzaahmedov 19 noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mirzaahmedovning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga ta’ziya bildirdi. 

“Butun umr doimo izlanib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelgan zahmatkash ijodkor o‘ziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi”, deydi Prezident o‘z ta’ziyasida.

“Sanjik ishi”: Firibgar “kuyov” qamaldi

Yodingizda bo‘lsa o‘tgan oyda Toshkentning Malika deb ataluvchi maishiy texnika bozorida ishlagan Shahzod ismli yigit bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini chuv tushirib, Sanjik nomi bilan tanilgan bloger Karimovdan katta miqdorda qarz olish vaji bilan qiz yashab turgan uyni Karimovning nomiga vaqtincha o‘tkazib turib, qarzlaridan qutilgach, yana uyni qayta rasmiylashtirishga ko‘ndirgani, maqsadiga yetgach, g‘oyib bo‘lgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Qiz va uning oilasi yigitni, uyni nomiga rasmiylashtirgan Karimovni firibgarlikda ayblab chiqqandi. Karimov esa uyni mehribonlik uyi balansiga o‘tkazganini iddao qilib chiqdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi uy bolalar uyi balansiga o‘tkazilganini rad etdi. 

Mashmasha shu bilan tugagani yo‘q. Ish sudda ko‘rildi va 21 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Shahzodga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi.

Sud hukmiga ko‘ra, yigit Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Shu bilan birga, sudlanuvchi aybdordan jabrlanuvchilar foydasiga – biriga 3 448 701 208 so‘m, ikkinchisiga  925 769 852 so‘m va uchinchisi, ya’ni qizga 464.672.126 so‘m miqdorida zarar undirilishi belgilangan. Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, “Katta Oqtepa” MFY, Oqtepa ko‘chasi, 5A/3,4-uy yuzasidan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha fuqarolik ish yuritish tartibida murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Shuningdek, sudning alohida ajrimi bilan aybdor yigitga oid jinoyat ishi yuzasidan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga xabar qilinishi belgilangan. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jinoyat Toshkent O'zbekiston O'zgidromet migrantlar Ekologiya Sanjik changlanish PM zarrachalari Rustam Mo'minov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing