Abdukarim Mirzayevning advokati bayonot berdi. Jurnalist haligacha qamoqda
Jamiyat
−
05 yanvar 2021
175372020 yilning dekabr oyida Turkiyada hibsga olingan o‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayev haligacha qamoqda saqlanmoqda. Bu haqda uning vakili advokat Mahmud Said Arslon bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 2020 yil yil 10 dekabrda Istanbul Bosh prokuraturasining buyrug‘i bilan Abdukarim Mirzayevning uyida tintuv o‘tkazilgan va uning telefoni tekshirilgan. Jinoyat yoki jinoyat sodir etilganiga oid shubha tug‘diradigan hech qanday holat aniqlanmagani bois, tergovni olib boruvchi prokuror tomonidan hatto uning ko‘rsatmalari ham olinmagan. Biroq politsiya guruhi Mirzayevni 3 kun mobaynida Kuchukchekmeje politsiya idorasida ushlab turgach, uni 14 dekabr sanasida Istanbul immigratsiya ma’muriyati huzuridagi Binkilik (GGM) repatriatsiya markaziga topshirgan.
Advokatga ko‘ra, Istanbul immigratsiya ma’muriyati 15 dekabrda Mirzayevga jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid qilgani uchun deportatsiya qilish va ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida buyruq chiqargan. Buyruqda esa Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan yozilgan xat tufayli Mirzayev jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid solgan degan xulosaga kelingani yozilgan. Ammo Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan yozilgan hech bir hujjatda Mirzayevning jinoyat sodir etganligi to‘g‘risida dalil yoki ma’lumot mavjud emas, faqat tintuv o‘tkazish talab qilingan.
“Abdukarim Mirzayev hech qanday jinoyatga aloqador emas. U Kastamonu universiteti Ijtimoiy fanlar institutida jurnalistika bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olmoqda. U munosib va sharafli hayot kechirmoqda. U Turkiyada bo‘lib turgan muddat davomida kuzatuvchilari soni 1 mlndan oshgan o‘z YouTube sahifalari orqali media mahsulotlar e’lon qilgan, jamoatchilikni ma’rifatga undagan va hech bir nutqida nojoiz fikrlarni ifoda etmagan”, deyiladi bayonotda.
Abdukarim Mirzayevning ijtimoiy tarmoqdagi kuzatuvchilari ushbu jarayondan xabardor bo‘lib, Mirzayevning vatanga qaytarish markazida ekanidan qattiq qayg‘uga tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda #freeAbdukariM ve #FreedomtoAbdukarim xeshtegi ostida boshlangan kampaniyada mashhur jurnalist Mirzayevni tanigan insonlar ushbu holatga norozilik bildirdi. Mirzayevning ijtimoiy tarmoqdagi ba’zi kuzatuvchilari ushbu ish ortida O‘zbekiston hukumati turganini aytib, O‘zbekiston hukumatini aybladi.
“Qariyb 35 ming tvitdan so‘ng, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bayonot berib, Abdukarim Mirzayevning deportatsiya qilinishini xohlamasligini bildirdi. Shu ma’noda, ma’muriy hibsga olish to‘g‘risida mazkur qaror qabul qilinishi ortidan sodir bo‘lgan voqealar ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik inqirozga olib bormoqda”, deyiladi bayonotda.
Advokatning yozishicha, deportatsiya operatsiyasini bekor qilish uchun 1-sonli Istanbul ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Ma’muriy qamoqni tugatish to‘g‘risida Istanbul Jinoyat sudi sudlariga yuborilgan arizalar murojaat sabablari o‘rganilmagan holda, hech qanday asoslarsiz rad etilgan. Istanbul Immigratsiya Boshqarmasi va Migratsiya Bosh Boshqarmasiga qilingan murojaatlarga esa javob berilmagan.
“Garchi hech qanday jinoyatda gumondor qilinmagani holda, Mirzayevni ozodlikdan mahrum qilish inson huquqlarini jiddiy buzish hisoblanadi, shu bois ma’muriy qamoq zudlik bilan bekor qilinishi darkor”, deb yozadi Mahmud Said Arslon.
Eslatib o‘tamiz, taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev joriy yilning 11 dekabr kuni turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi.
Jurnalistni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun yollangan advokat vaziyatni o‘rgangach, kimdir Abdukarim Mirzayevga tegishli raqam orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani haqida xabar bergani, ushbu ma’lumot ortidan jurnalist kuzatilib, so‘ngra qo‘lga olinganini aniqladi.
10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi yarim oqshomda zirhli avtomobillarda qurollangan va harbiy libosdagi to‘rt kishi, shuningdek, fuqaro kiyimidagi shaxslar Abdukarim Mirzayevning uyiga kelib, tintuv o‘tkazishgan. Ular uydan hech qanday shubhali narsa topa olmagan va qo‘shnilar guvohligida hujjatlarni rasmiylashtirib, jurnalistni olib ketishgan.
Keyingi kuni yollangan advokat u bilan uchrashgan, politsiyaga jurnalistning shubhali shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini isbotlovchi dalil va hujjatlarni taqdim etgan. Shubha va gumonlar o‘z tasdig‘ini topmaganidan so‘ng uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarib, Migratsiya idorasining chet elliklarni saqlash bo‘limiga yuborgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Abdukarim Mirzayevning hibslanishi O‘zbekistonning so‘rovi asosida bo‘lmagani, mamlakatda unga nisbatan jinoiy ish ochilmaganini ma’lum qildi. Hozirgacha Tashqi ishlar vazirligi, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berganicha yo‘q.
LiveBarchasi