Shubha-gumonlar tasdig‘ini topmadi – Abdukarim Mirzayev ishi bo‘yicha xabar berildi
Jamiyat
−
19 dekabr 2020
21843Avvalroq, taniqli jurnalist, Turkiyaning Kastamonu universiteti Kommunikatsiyalar fakulteti jurnalistika bo‘limi magistranti Abdukarim Mirzayev joriy yilning 11 dekabr kuni turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Jurnalisning Instagram’dagi rasmiy sahifasida bo‘layotgan voqealar bo‘yicha murojaat paydo bo‘ldi.
Murojaat Abdukarim Mirzayevning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari administratori tomonidan yozilgan. Unda qayd etilishicha, jurnalistga nisbatan ilgari surilgan barcha shubha-gumonlar o‘z tasdig‘ini topmagan, biroq deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
“Ustozimiz Abdukarim Mirzayevning Turkiya politsiyasi tomonidan ushlangani haqida xabar topgan bo‘lsangiz kerak. Biz bu bir tushunmovchilik, tez orada ustozimizning aybsizligi aniqlanib, qo‘yib yuborishadi, degan o‘y bilan bu haqda ommaga e’lon qilmagan edik.
Haqiqatan ham ustozimizga nisbatan ilgari surilgan barcha shubha-gumonlar o‘z tasdig‘ini topmadi, biroq deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ayni vaqtda Abdukarim Mirzayevni deportatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish va qo‘yib yuborilishi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilayapti”, deyiladi murojaatda.
Shuningdek, murojaatda Abdukarim Mirzayev ishi bo‘yicha turli mish-mish va asossiz xabarlarni tarqatayotganlarga ishonmaslik so‘ralgan.
“Sizlardan ustozimizning haqqiga duo qilishni va “ochko” ishlash uchun turli mish-mish va asossiz xabarlarni tarqatayotganlarga ishonmaslikni iltimos qilib qolamiz”, deyiladi murojaatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdukarim Mirzayev bilan bog‘liq holatga aniqlik kiritish, uning qo‘lga olinishida O‘zbekiston tomonidan rasmiy so‘rov bo‘lgan yoki bo‘lmaganini bilish uchun QALAMPIR.UZ Bosh prokuratura va Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni Mirzayevning qo‘lga olinishi bo‘yicha so‘rov bermagan. Mamlakatda unga nisbatan hech qanday jinoyat ishi ham ochilmagan.
“Bosh prokuraturada Mirzayev Abdukarimga nisbatan jinoyat ishi mavjud emas. Qidiruv ham e’lon qilinmagan”, dedi Shamsutdinov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
TIV esa hozirda ishni o‘rganayotganini va tez orada rasmiy bayonot bildirilishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Abdukarim Mirzayev jurnalist, kinorejissyor va bloger. U 2010 yilda Qirg‘izistonda yuz bergan voqealarni yoritib bergan “Dardga davo istab” filmi bilan mashhur bo‘lgan. U jurnalistik faoliyati davomida “Poytaxt”, “Zamin” radiolari, “Yoshlar” teleradiokanalida ishlagan. So‘nggi vaqtlarda u YouTuebe`dagi diniy, falsafiy va ijtimoiy chiqishlari bilan yaxshi tanilgandi.
LiveBarchasi