Milliy xavfsizlik Cho‘lpon-Ota shahri “smotryaiy”sini ushladi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari Cho‘lpon-Ota shahri “smotryaiy”si deb ataladigan shaxs – marhum kriminal avtoritet Kolya Qirg‘iz (Qamchi Ko‘lboyev) uyushgan jinoiy guruhi a’zosini qo‘lga oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot markazi xabar berdi. 

Aniqlik kiritilishicha, davlat rahbarining investorlarni himoya qilish va qulay investitsiya muhitini yaratish siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Kolya Qirg‘iz (Qamchi Ko‘lboyev) rahnamoligida rossiyalik investorlarning yirik pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib, o‘g‘irlab ketgan shaxslarga oid ma’lumotlar olingan. 

Jumladan, jinoyat ishi doirasida Issiqko‘l viloyati hududida Qamchi Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi a’zosi, “qonundagi o‘g‘ri”ning jinoiy aloqalaridan foydalanib, jismoniy zo‘ravonlik qo‘llash bilan tahdid qilib, “Novel” mehmonxonasidagi bir nechta kottejlarni egallab olganligi ma’lum qilingan. 

Uyushgan jinoiy guruhning 1987 yilda tug‘ilgan faol a’zosi, Cho‘lpon-Ota “smotryaiy”si deb ataluvchi shaxs aniqlangan. U Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 10 yanvar kuni qo‘lga olinib, hibslangan.  

Hozirda tegishli tergov-tezkor tadbirlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tashiyev bundan avval kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) o‘limi ortidan kim bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishini, mamlakatda jinoyatchilikka qarshi qat’iy kurash boshlanganini aytgan edi. Kolya Qirg‘iz nomi bilan tanilgan xalqaro jinoyatchi Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi. Shundan so‘ng Qamchibek Qo‘lboyev va Bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruhga aloqador 180 dan ortiq mansabdor lavozimidan bo‘shatildi. Qirg‘izistonlik taniqli tadbirkor, Markaziy univermag (SUM) rahbari Anvar Gabbazov (hozirgi Mametov) xalqaro qidiruvga berildi. “Kolya Qirg‘iz”ga aloqadorlikda gumonlanib, “Ittipak” uyg‘ur diasporasi yetakchisi va Bishkekdagi “Madina” bozori asoschisi Tursuntoy Salimov hibsga olindi, uning o‘g‘li Ilshat esa qidiruvga berildi. Qirg‘iziston Jogorku Kenesh (parlament)ining sobiq deputati Boris Sanning o‘g‘li Aleksandr San ham qo‘lga olindi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Kolya Qirg'iz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing