Medvedev uchinchi jahon urushi boshlanishi ehtimoli haqida gapirdi
Olam
−
28 iyun 2022
20574Ukrainaning NATOga kirishi uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev “Argumenti i fakti” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Medvedevga ko‘ra, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Rossiya uchun Shvetsiya va Finlyandiyaning Ittifoqqa kirishidan ko‘ra ancha xavflidir.
“Qrimga bostirib kirishga har qanday urinish mamlakatimizga qarshi urush e’lon qilishdir. Va agar buni NATOga a’zo bo‘lgan davlat qilsa, bu butun Shimoliy Atlantika alyansi bilan ziddiyat deganidir. Uchinchi jahon urushi. To‘liq falokat”, deya ta’kidladi u.
Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosariga ko‘ra, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Rossiyaga yangi tahdid hisoblanmaydi.
“Bu davlatlar avvallari Rossiya bilan juda hurmatli va o‘zaro xayrixoh deyish mumkin bo‘lgan munosabatlarga ega edi. Hududiy nizolarga sabab ham yo‘q. Agar ular Ittifoqqa qo‘shilish orqali o‘zlarini yaxshi va xotirjam his qilsalar, omad tilaymiz. NATO Shvetsiya va Finlyandiyasiz ham bizning mamlakatimizga yaqin", deya qo‘shimcha qildi Medvedev.
Uning ta’kidlashicha, agar Shvetsiya va Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya ular bilan chegaralarini “Iskandar” raketa tizimi, gipertovushli raketalar va yadro quroliga ega kemalar bilan mustahkamlash huquqini o‘zida saqlab qoladi.
“Biz bu chiziqlarni kuchaytirishimiz kerak. Boltiqbo‘yining yadrosiz maqomi o‘tmishda qoladi va quruqlikdagi kuchlar hamda dengiz flotining shimoliy yo‘nalishlarda guruhlanishi jiddiy ravishda oshiriladi”, deydi Medvedev.
Unga ko‘ra, NATO tarkibidagi Ukraina Rossiya uchun ancha xavfli. Bunga hududiy nizolarning hal etilmagani, shuningdek, hududlar maqomini boshqacha tushunish sabab bo‘lgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi