Markaziy Osiyoda ikkinchi mamlakat Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvga munosabat bildirdi
Olam
−
28 Sentabr 2020
13775Qozog‘iston Respublikasi ham Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuv bo‘yicha xavotir bildirdi. Maxsus bayonot Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi.
“Qozog‘iston 27 sentyabrda Tog‘li Qorabog‘da ro‘y bergan Armaniston-Ozarbayjon mojarosining avj olishidan chuqur xavotir bildirmoqda.
Biz do‘st Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini vaziyatni barqarorlashtirish, kuch ishlatishdan voz kechish va muzokaralarni boshlash uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqiramiz.
Biz xalqaro tashkilotlar diorasida ziddiyatni hal qilishning tinch yo‘llarini izlashda yordam berishga tayyormiz. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning amaldagi raisi sifatida biz Kengashning mavjud bo‘lgan ishonchni mustahkamlash choralari paketidan foydalanishni taklif etamiz”, deyiladi bayonotda.
Hozirgacha, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston ushbu voqealarga munosabat bildirdi. Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston ushbu masalada sukut saqlamoqda.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvlarga turli davlat va xalqaro tashkilotlar munosabat bildirishni boshladi. Rossiya har ikki mamlakatdan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni so‘ragan edi. Turkiya esa, aksincha, bu to‘qnashuvda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Armanistonni provakatsiyada, Minsk guruhini esa 30 yildan beri bu masalaga ko‘z yumib kelishda aybladi. Shuningdek, rasmiy Tehron va NATO ham tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirgandi. O‘zbekiston esa MDHga rais mamlakat sifatida taraflarning harakatlaridan tashvishdaligini bildirib, ularni vazminlikka chaqirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp tilga kirib, holatni kuzatayotganini va unga biror ta’sir o‘tkaza olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi.