Mariya Kolesnikovaga ayblov e’lon qilindi
Olam
−
16 Sentabr 2020
6729Avvalroq, Belarus Muxolifati Muvofiqlashtirish kengashi a’zosi Mariya Kolesnikova hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Uni Minskdagi tergov izolyatorida so‘roq qilish boshlangandi.
Bugun, 16 sentyabr kuni Mariya Kolesnikova rasman ommaviy ravishda davlat hokimiyatini egallashga chorlash, Belarusda konstitutsiyaviy tuzimni kuch bilan o‘zgartirishga urinishda ayblandi. Bu haqda Belarus Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Kolesnikovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 361-moddasi 3-qismi (Ommaviy axborot vositalari va Internetdan foydalangan holda Belarus Respublikasining milliy xavfsizligiga zarar etkazishga qaratilgan harakatlarga chaqirish) bilan ayblov e’lon qilingan. U hibsda saqlanyapti, tergov davom ettirilyapti.
Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxs 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 sentyabr kuni Belarus Muxolifati Muvofiqlashtirish kengashi Rayosati a’zosi Mariya Kolesnikova Minsk markazida g‘oyib bo‘lgan edi. Oradan bir kun o‘tib, Belarus davlat chegara xizmati Mariya Kolesnikova Ukraina bilan chegarada hibsga olinganligini tasdiqlagandi.
Muvofiqlashtirish kengashining boshqa bir a’zosi Maksim Znak va shtab yuristi Ilya Saley ham hokimiyatni egallashga chaqirish ayblovi bilan hibsga olingan.
Ma’lumot uchun, bugun, 16 sentyabr kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi. Shoygu bilan uchrashuvda Lukashenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan zamonaviy qurollar so‘raganini aytib o‘tdi.
LiveBarchasi