Mantiqsiz qaror yakuni, faoliyatini tugatgan Shohjahon Ergashev, korrupsiyaga aralashgan “Sevimli”... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
24 yanvar 2022
14837Jamiyat
YPX inspektorini kaltaklagan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Navoiyda fuqaro YPX inspektorini kaltaklagani bo‘yicha Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bilan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
YPX inspektori va fuqaro o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 140 (Haqorat qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Navbahor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda yo‘l o‘rtasida o‘q uzgan shaxs ishi sudda ko‘rildi
Toshkentda fuqaro yo‘l o‘rtasida tanishining avtomobilini tepib, pnevmatik quroldan o‘q uzgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Gap shundaki, 20 yanvar kuni taxminan soat 11:35 larda 1990 yilda tug‘ilgan Z.S. (Spark rusumli davlat raqami 01 B 292 WA bo‘lgan avtomobil haydovchisi) Mirzo Ulug‘bek tumani Feruza dahasi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yo‘lning qatnov qismida o‘zining tanishi 1985 yilda tug‘ilgan G.A.ni ko‘rib qolgan.
U bilan oldindan turmush o‘rtog‘ini rashk qilish oqibatida o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgani sababli G.A. bilan o‘zaro gap talashib, uning boshqaruvidagi VAZ-21099 rusumli 01 T 738 NA bo‘lgan avtomobilning g‘ildiragiga tepib, so‘ng yonida bo‘lgan pnevmatik quroldan avtomobilga bir marotaba o‘q uzgan.
Andijonda $4 000 pora bilan qo‘lga tushgan MIB xodimlarining boshliqlari “uchdi”
Andijonda Majburiy ijro byurosi xodimlari fuqarodan 4 ming dollar pora olgani sababli byuroning Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i hamda Andijon tuman bo‘limi boshlig‘i o‘z lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda MIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 14 yanvar kuni fuqaro O.Q.ning arizasiga asosan Andijon viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat prokuraturasi va Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Kinematografiya agentligi direktori “Sevimli” foydasini ko‘zlab byudjetdan pul ajratgani tasdiqlandi
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish boshlagani haqida xabar bergan edik. Agentlik o‘rganish natijalarini e’lon qildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi holatlari aniqlangan.
Xususan, Kinematografiya agentligi direktori va bir vaqtning o‘zida subsidiya mablag‘larini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega Badiiy kengash raisi – Firdavs Abduxoliqov subsidiya mablag‘larining taqsimlanishi va kontragentni tanlash jarayonida yaqin qarindoshlari benefitsiar bo‘lgan (ta’sischilari: Sharapova F.S. - Firdavs Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i 70 foiz, Rashidova A.F. - Firdavs Abduxoliqovning qizi 20 foiz, Abduxalikov A.F. - Firdavs Abduxoliqovning o‘g‘li – 10 foiz) “Master Media Production and Broadcast” MCHJ bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa-da, bu holatni bartaraf qilish choralarini ko‘rmasdan, mazkur jamiyat manfaatlarini yoqlab ovoz berishda va qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan.
Mantiqsiz qarorning yakuni. Ekspress-test topshirish talabi bekor qilindi
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2022 yil 25 yanvardan xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilarning kamida 48 soat oldin topshirgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirda, xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil (piyodalar) o‘tkazish chegara punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishlari talabi bekor qilindi.
Olam
Rossiya Ukrainada “qo‘g‘irchoq” hukumat tuzishga urinishda ayblandi. Bunga Moskvaning javobi qanday?
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi rejalarini e’lon qildi. Rossiyaning harbiy kuchayishi sharoitida Kremlning Ukrainada rossiyaparast siyosatchini hokimiyat tepasiga olib kelish rejasi alohida rol o‘ynashi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.
“Bizda Rossiya hukumati Ukrainaga ehtimoliy bosqinchilik va ishg‘ol etish to‘g‘risida qaror qabul qilish orqali Kiyevda rossiyaparast yetakchini hokimiyat tepasiga olib kelishga urinayotganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor”, deyiladi bayonotda.
Hutiylar BAAga raketa hujumi uyushtirdi
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Havo hujumidan mudofaa tizimlari Yaman shimolidagi hukmron “Ansorulloh” (hutiylar) harakati tomonidan uchirilgan ikkita ballistik raketani tutib oldi va yo‘q qildi. Bu haqda BAA Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berilgan.
“Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa tizimlari hutiy terrorchi guruhi tomonidan mamlakat tomon uchirilgan ikkita ballistik raketani tutib, yo‘q qilganini ma’lum qildi va hujumda hech kim jabrlanmaganini tasdiqladi”, deyilgan xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “ushlab olingan va yo‘q qilingan ballistik raketalarning qoldiqlari Abu-Dabi amirligining ayrim hududlariga tushgan”.
G‘arb Ukrainadan tajriba maydoni sifatida foydalanmoqda – Zaxarova
G‘arb Ukrainadan mintaqadagi o‘z manfaatlari yo‘lida va tajriba maydoni sifatida foydalanmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova aytdi.
“G‘arb Ukrainadan o‘z manfaatlarini ko‘zlab, vaziyatni beqarorlashtirish va ayrim jarayonlarga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanmoqda, bizni esa aybdor qilib qo‘ymoqchi”, deydi Zaxarova.
Shu bilan birga, Zaxarova bunday vaziyatda Rossiyaning “tajovuzkorligi” va uning xalqaro huquqni buzganligi to‘g‘risidagi dalillar yo‘qligini ta’kidladi.
Rossiyaga ayblovlar yog‘dirayotgan Britaniya “yumshoq joyi” borligini esladi
Agar G‘arb Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritsa, rasmiy Moskva bunga javoban Yevropaga gaz va neft yetkazib berishdan qurol sifatida foydalanishi, ularni cheklashi va bu narxning rekord darajada oshishiga olib kelishi mumkin. “Times” nashrining Britaniya hukumatidagi manbaga asoslanib yozishicha, rasmiy London voqealarning bunday rivojidan xavotirda.
Qayd etilishicha, Rossiya energiya resurslarini yetkazib berishni cheklashining ehtimoliy oqibatlari bir qator uchrashuvlarda muhokama qilingan. Vazirlar gaz tanqisligining bevosita tahdidi bo‘lmaydi, lekin narxlar yangi rekord darajaga ko‘tariladi, degan xulosaga kelishgan.
Suriyada janglar kuchaydi. ISHID bolalarni “tirik qalqon” qilyapti
ISHID terrorchilik guruhi jangarilari Suriya shimoli-sharqidagi Al-Hasaka shahridagi janglarda 700 nafargacha voyaga yetmagan bolalardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda. Bu haqda “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) alyansi axborot markazi xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Al-Hasaka shahrida SDF’ning kurd-arab qurolli guruhlari va 20 yanvar kuni 5000 ga yaqin terrorchi saqlanayotgan qamoqxonaga bostirib kirishga uringan ISHID jangarilari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Bayonotga ko‘ra, ISHID tomonidan tirik qalqon sifatida foydalanilgan bolalar ushbu guruhning o‘smir jangarilaridir. Hibsga olingandan keyin ular qamoqxona hududidagi maxsus reabilitatsiya markazida bo‘lgan.
To‘qayev Maxsus tezkor qo‘shinlar qo‘mondonligini tuzdi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qozog‘iston Respublikasi Qurolli Kuchlari Maxsus tezkor qo‘shinlar qo‘mondonligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Bundan tashqari, mamlakatda Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni lavozimi ham joriy etildi.
Prezident To‘qayev tegishli farmonini joriy yilning 19 yanvar kuni imzolagan. Shu kuni Qozog‘istonda Mudofaa vaziri almashtirildi.
Rossiya O‘zbekistondan yuborilgan tonnalab mahsulotlarni ortiga qaytarib yubordi
Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar tufayli Qozog‘iston va O‘zbekistondan olib borilgan o‘nlab tonna mahsulotlar ortga qaytarib yuborildi. Bu haqda “Rosselxoznadzor”ning Rostov, Volgograd va Astraxan viloyatlari hamda Qalmoq Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qoidabuzarliklar joriy yilning 16-24 yanvar kunlari Astraxan viloyatidagi “Qorao‘zak” fitosanitariya nazorati postida aniqlangan. Qoidabuzarlik Qozog‘iston va O‘zbekistondan avtomobil yo‘li orqali olib kelingan og‘irligi 78 tonnadan ortiq bo‘lgan o‘simlik mahsulotlari bilan bog‘liq.
Sport
“Chelsi” London klublari rekordini yangiladi
Kecha, 23 yanvar kuni Angliya Premer ligasining 23-turi doirasida “Chelsi” Londondagi “Stemford Brij” stadionida “Tottenxem”ni qabul qildi. Unda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Shu tariqa “Chelsi” APL doirasida o‘zi ishtirok etgan 272 ta London derbisida 501 ochko to‘pladi va 500 lik dovondan o‘tgan birinchi klubga aylandi.
Joriy yilning 19 fevral kuni jamoa navbatdagi derbida ishtirok etadi. “Aristokratlar”ning raqibi janubiy Londonning “Kristal Pelas” klubi bo‘ladi.
O‘zbek klublari jahonning eng kuchli jamoalari reytingiga kiritildi
Futbol tarixi va statistikasi Xalqaro Federatsiyasi (IFFHS) 2021 yil yakunlariga ko‘ra jahonning eng kuchli klublari reytingini e’lon qildi.
Unda Qarshining “Nasaf” jamoasi 213-o‘rinni (89 ochko) band etgan. “Ajdarlar” hisobida 89 ochko mavjud.
Shuningdek, ushbu ro‘yxatdan O‘zbekistonning yana ikki klubi – “Paxtakor” (283-o‘rin, 75,5 ochko) va OKMK (331-o‘rin, 70,5 ochko) joy olgan.
Nahotki?! Shohjahon Ergashev prof boksdagi faoliyatini yakunladi
Professional boksning super yengil vazn toifasining yengilmas jangchici, o‘zbekistonlik Shohjahon Ergashev Instagram sahifasida sportdagi faoliyatini yakunlanganini e’lon qildi.
“Uzoq vaqt uyda bo‘lmadim va otam uyga kelishimni so‘radi. Otam bilan juda ham ko‘p suhbatlashdik, oz bo‘lsa-da bosib o‘tgan yo‘llarimizni yodga oldik. Men 29 yoshdaman va bugun birinchi marotaba otam sportdagi faoliyatimni yakunlashimni so‘radi. Hamma narsaning boshi va oxiri bo‘lganidek, sport ham abadiy emas. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnartdorligimni bildiraman. Hayotimda yangi sahifa ochyapman”, deya yozgan Ergashev.
LiveBarchasi