Andijonda $4 000 pora bilan qo‘lga tushgan MIB xodimlarining boshliqlari “uchdi”
3-sahifa
−
24 yanvar 2022 8146 2 daqiqa
Andijonda Majburiy ijro byurosi xodimlari fuqarodan 4 ming dollar pora olgani sababli byuroning Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i hamda Andijon tuman bo‘limi boshlig‘i o‘z lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda MIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 14 yanvar kuni fuqaro O.Q.ning arizasiga asosan Andijon viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat prokuraturasi va Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik bo‘yicha xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida byuroning Andijon shahar bo‘limi ijrochisi F.F. o‘z ish yurituvidagi qarzdor U.X. va boshqalarni majburiy ko‘chirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro qilib berish evaziga Andijon tuman bo‘limi davlat ijrochisi I.Q. bilan birga Andijon shahrining “Vatan” choyxonasi yaqinidagi bekatda fuqaro O.Q.dan 4000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan 14 yanvar kuni F.F. va I.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Shunga asosan, qo‘l ostidagi xodimlar ustidan yetarli nazorat urnatmay, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, xodimlar tomonidan korrupsiya va boshqa suiste’molchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarini ko‘rmagani uchun Byuroning Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i Sh.U. hamda Andijon tuman bo‘limi boshlig‘i A.B. o‘z lavozimidan ozod qilingan.
Live
Barchasi