Malayziyada protokol qoidalaridan chekinib, Mirziyoyevga yuksak ishonch namoyish etishdi

Jamiyat

image

Bugun, 5 fevral kuni  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga so‘nggi 20 yil ichidagi ilk rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Malayziya rasmiylari Prezident Mirziyoyev bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun qat’iy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Diplomatik tajribam va matbuot kotibi sifatidagi faoliyatimga asoslanib aytishim mumkinki, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy munosabat va norasmiy muloqot juda yorqin taassurot qoldirdi. Ushbu go‘zal va mehmondo‘st mamlakat rahbariyati Prezidentimiz bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun qat’iy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etganiga guvoh bo‘ldik”, deydi Asadov.

Uning aytishicha, Prezidentni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea bo‘lgan. Bundan tashqari, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Prezident Shavkat Mirziyoyevga butun kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qilgan. 

“Hattoki muloqotni davom ettirish uchun O‘zbekiston Prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurdi. Keyin ular birgalikda, bir mashinada “Petronas” bosh qarorgohiga yo‘l olishdi, u yerda kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishdi”, deydi Prezident matbuot kotibi.

Shuningdek, Asadov O‘zbekiston Prezidenti sharafiga uyushtirilgan rasmiy qabul marosimida Malayziya san’atkorlari o‘zining boy tarixi va madaniyati bilan bir qatorda o‘zbek xalqining kuy-qo‘shiqlari, raqslaridan iborat konsert dasturini namoyish etgani ham alohida e’tibor ifodasi bo‘lganini qayd etdi.

“Bunday norasmiy va samimiy munosabat ikki yetakchi o‘rtasidagi yaqin do‘stlikdan, O‘zbekiston va Malayziya xalqlarining bir biriga bo‘lgan yuksak hurmati, ikki tomonlama munosabatlarning porloq istiqbolidan dalolat beradi”, deydi Asadov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti kecha, 4 fevral kuni kechqurun rasmiy tashrif bilan Malayziyaga yetib borgandi. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida davlat rahbarini Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdul, Ta’lim vaziri Zambri Abdulqodir va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Prezident aeroportda Malayziya parlamenti spikeri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bugun, 5 fevral kuni Kuala-Lumpur shahridagi “Perdana Putra” hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu yerda Mirziyoyev va Ibrohim tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladi. Shuningdek, Mirziyoyev gumbazining ichki qismini bezash va restavratsiya ishlarida o‘zbekistonlik ustalar ishtirok etgan Malayziya Islom san’ati muzeyida bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Malayziya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing