Mirziyoyev o‘zbekistonlik ustalar bezatgan Islom san’ati muzeyiga bordi
Jamiyat
−
05 fevral 2025 4908 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 fevral kuni rasmiy tashrif doirasida Malayziya Islom san’ati muzeyiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1998 yilda tashkil etilgan ushbu majmua mamlakatning eng yirik muzeylaridan biri hisoblanadi. Muzey an’anaviy islom me’morchiligi uslubida barpo etilgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyodni tashkil etadi.

E’tiborli jihati, bino gumbazining ichki qismini bezash va restavratsiya ishlarida o‘zbekistonlik ustalar ishtirok etgan.
Bu yerda 10 mingdan ortiq islom san’ati namunalari saqlanmoqda. Doimiy ekspozitsiyada Qur’on qo‘lyozmalarining noyob to‘plami, sopol va qimmatbaho buyumlar, qurol-yarog‘ namunalari va inshootlar maketlari, taqinchoqlar, tangalar va boshqa ashyolar namoyish etilmoqda.

Muzey fondida zamonaviy O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda yaratilgan 200 ga yaqin noyob eksponatlar alohida o‘rin egallaydi. Ular orasida o‘rta asrlarga oid qo‘lyozmalar, zargarlik buyumlari, mashhur abr matolari va kiyim namunalari, Sharq Renessansiga oid kulolchilik buyumlari mavjud.
Shavkat Mirziyoyev eksponatlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti kecha, 4 fevral kuni kechqurun rasmiy tashrif bilan Malayziyaga yetib borgandi. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida davlat rahbarini Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdul, Ta’lim vaziri Zambri Abdulqodir va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Prezident aeroportda Malayziya parlamenti spikeri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bugun, 5 fevral kuni Kuala-Lumpur shahridagi “Perdana Putra” hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu yerda Mirziyoyev va Ibrohim tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladi.
Live
Barchasi