O‘zbekiston Malayziya bilan Imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim tuzadi
Jamiyat
−
05 fevral 3090 3 daqiqa
O‘zbekiston va Malayziya tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu haqda bugun, 5 fevral kuni "Perdana Putra" hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralarida so‘z ochildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Malayziya Bosh vaziriga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan “Madani” davlat strategiyasining yuksak natijalari bilan dildan qutladi.

Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olingan.
Ma’lumki, Malayziya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Yetakchilar 2025-2026 yillarni O‘zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldi.

“Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bular – neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, "yashil" energetika, ziyorat turizmi va boshqalar”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Bildirilishicha, kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Malayziya Bosh vazirining o‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.

Ta’kidlanishicha, siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faollashdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda. O‘tgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi, Ishbilarmonlar kengashi tuzildi, qator yirik biznes forumlari tashkil etildi.
Tashrif arafasida tahliliy markazlar uchrashuvi, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazildi.

Hamkorlikni rivojlantirish va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini samarali muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti platformasini tashkil etishga qaror qilindi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi”, deyiladi xabarda.
Yetakchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlashga qaror qilindi.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti kecha, Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni kechqurun rasmiy tashrif bilan Malayziyaga yetib borgandi. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida davlat rahbarini Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdul, Ta’lim vaziri Zambri Abdulqodir va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Prezident aeroportda Malayziya parlamenti spikeri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bugun, 5 fevral kuni Kuala-Lumpur shahridagi “Perdana Putra” hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi